Toshkent shahrida jamoat transportidan foydalanish ulushi ikki baravar oshiriladi

eʼlon qilindi
Poytaxtning ayrim hududlarida avtobus yo‘nalishlari yetishmasligi ham kuzatilmoqda
Toshkentda avtobus kutish vaqti 35–40 daqiqaga yetmoqda
Foto: Suxrobjon Qodirov Telegram-kanali

Toshkent shahrida aholining jamoat transportidan foydalanish ulushi ikki baravar oshirilib, 60 foizga yetkaziladi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM)dagi jurnalistlar bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvda ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda «Kursiv» muxbiri.

Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda poytaxtda jamoat transportidan foydalanish ulushi 30 – 35 foizni tashkil etmoqda. Metro esa shahar aholisining faqat 16 foizi uchun mavjud hududlarni qamrab olgan.

Shuningdek, ayrim avtobus yo‘laklarida harakat qoidalariga rioya qilinmayotgani ham tizim samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 168 ta yo‘nalish sxemasini qayta ko‘rib chiqish orqali 180 ta yo‘nalish qayta tashkil etilishi kerak.

Foto: Sapura Temirxanova / Kursiv Uzbekistan

Poytaxtda taxminan 150 ming aholi yetarli darajada jamoat transporti bilan qamrab olinmagan. Shu bilan birga, transport tizimini rivojlantirish bo‘yicha bir qator choralar rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, 2026-yilda 16 ta yangi avtobus yo‘nalishi ochilishi rejalashtirilgan. 2027 – 2030-yillarda yana 96 ta yangi yo‘nalish tashkil etilib, 2030-yilga kelib ularning umumiy soni 280 taga yetkaziladi.

Rejaga muvofiq, avtobus parkini kengaytirish ham ko‘zda tutilgan. 2026-yilda 240 ta yangi avtobus xarid qilinadi. 2027 – 2030-yillarda yana 800 ta avtobus olib kelinadi. 2030-yilga kelib avtobuslar soni 3,1 mingtaga yetishi rejalashtirilgan. Alohida avtobus yo‘laklari uzunligi 420 kmgacha yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Bu yo‘laklarning 81,3 km qismi hozir mavjud bo‘lsa, 2030-yilgacha yana 265,6 km yangi yo‘lak quriladi.

Bundan tashqari, avtobuslar va avtobus yo‘laklarida nazorat tizimini kuchaytirish rejalashtirilgan. 2026-yilda 600 ta kamera o‘rnatiladi. 2027 – 2030-yillarda yana 2 ming kamera qo‘shilib, 2030-yilga kelib ularning umumiy soni 2,6 mingtaga yetadi.

Jamoat transportidan kunlik foydalanish 2026-yilda 3,3 mln kishiga yetkazilishi rejalashtirilgan. 2030-yilga kelib esa kunlik yo‘lovchilar soni 5,4 mln kishiga yetishi kutilmoqda. Shuningdek, metro uzunligi 2030-yilga kelib 103 km yetishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri poytaxt avtobus bekatlaridagi do‘konlar olib tashlanishi haqida yozgan edi.

Shuningdek