Yangiliklar

Turkiyada o‘ldirilgan yana bir ayolning jasadi O‘zbekistonga olib kelindi

46 yoshli Dilafruz Chulliyeva
Foto: Instagramdgi videodan olindi

Turkiya hududida o‘ldirilgan samarqandlik 46 yoshli Dilafruz Chulliyevaning jasadi O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Chulliyeva shu yilning 25-yanvar kuni Turkiyaning Balikesir hududidagi ish joyidan chiqib ketgan va shundan so‘ng bedarak yo‘qolgan. Shundan keyin uning o‘g‘li O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamentiga murojaat qilgan.

Murojaatdan so‘ng O‘zbekistonning Turkiyadagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan Turkiya tashqi ishlar idorasiga nota yuborilib, Turkiya ichki ishlar vazirligi Xavfsizlik bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda qidiruv ishlari boshlangan.

Anqaradagi elchixona va Istanbuldagi bosh konsulxona, diaspora tashkilotlari, advokatlar hamda ijtimoiy tarmoq faollari ham qidiruv jarayonida ishtirok etgan.

28-fevral kuni Balikesir hududidagi o‘rmonlardan birida shaxsi noma’lum jasad topilgan. Jasad uzoq vaqt qolib ketgani sababli uni tashqi ko‘rinishidan aniqlash imkoni bo‘lmagan.

Shu bois jasad va marhumaning o‘g‘lidan olingan qon namunalarini solishtirish orqali DNA tekshiruvlari o‘tkazilgan va jasad Dilafruz Chulliyevaga tegishli ekani tasdiqlangan.

Mazkur jinoyatni sodir etishda gumonlanib 4 nafar shaxs qo‘lga olingan, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Turkiyada bedarak yo‘qolgan yana bir o‘zbekistonlik ayolning jasadi topilgani haqida yozgandi.

Avvalroq Istanbulda o‘zbekistonlik fuqaro Durdona Xakimovaning fojiali o‘limi ortidan bedarak yo‘qolgan deb topilgan Sayyora Ergashalievaning vafot etgani aniqlandi. 

Ma’lum qilinishicha, u marhuma bilan yaqin dugona bo‘lgan. Tergov jarayonida qo‘lga olingan gumonlanuvchilar ushbu fuqaro haqida ko‘rsatma berishdan bosh tortgani qayd etilgan.