Xiaomi yangi SU7 elektromobilini chiqarishga tayyorlanmoqda

eʼlon qilindi
Modelning yurish zaxirasi ham oshirilgan
Xiaomi yangi SU7 elektromobilini chiqarishga tayyorlanmoqda
Foto: 21st Century Business Herald

Xitoyning Xiaomi kompaniyasi yangi avlod Xiaomi SU7 elektromobilini bozorga chiqarish arafasida turibdi. Bu haqda 21st Century Business Herald xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Pekindagi Yichjuan zavodida yangi model ishlab chiqarish jarayoni jadallashgan. Kuzatuv davomida bir soat ichida zavoddan taxminan 80 ta avtomobil chiqarilgani qayd etilgan. Shu sur’at saqlansa, kunlik yetkazib berish hajmi 800 taga yetishi mumkin.

Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, kompaniya mart oxiriga qadar 16 ming dona yangi SU7 avtomobili zaxirasini shakllantirishi mumkin.

Foto: 21st Century Business Herald

Xiaomi yangi model taqdimotidan oldin birinchi avlod SU7 ni onlayn do‘konidan olib tashladi va yanvar oyida yangi versiya uchun oldindan buyurtmalarni qabul qilishni boshladi.

Pekindagi Xiaomi do‘koni vakillariga ko‘ra, bahor bayrami davrida mijozlar oqimi odatdagi kunlarga qaraganda besh baravar oshgan. Yangi model Standard, Pro va Max versiyalarida taklif etiladi. Ularning oldindan e’lon qilingan narxlari mos ravishda 229,9 ming yuan ($32,8 ming), 259,9 ming yuan ($37,1 ming) va 309,9 ming yuanni ($44,3 ming) tashkil qiladi. Bu birinchi avlodga qaraganda 14 ming yuangacha ($2 ming) qimmatroq.

Foto: 21st Century Business Herald

Avtomobil texnik jihatdan ham yangilangan. Barcha versiyalar LiDAR sensori, Xiaomi HAD haydovchiga yordam tizimi, kengroq orqa shinalar va to‘rt porshenli tormoz kaliperlari bilan jihozlanadi. Yurish zaxirasi ham oshirilgan. Pro versiyasi CLTC standarti bo‘yicha 902 km, Max versiyasi esa 835 km masofa bosib o‘ta oladi.

2026-yil fevral oxiri holatiga ko‘ra, Xiaomi Xitoy bo‘ylab 141 shaharda 488 ta savdo do‘koni va 159 shaharda 275 ta servis markazi ochgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi yangi avlod SU7 elektromobilini taqdim etgani haqida yozgan edi.

Shuningdek