Xorazmning 5 tumanida «Open budjet»ga ovoz berish qayta tiklandi

2026-yilgi «Tashabbusli budjet» dasturining birinchi mavsumi doirasida Xorazm viloyatining ayrim hududlarida ovoz berish jarayoni yana tiklandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.
Avvalroq ayrim hududlarda ishchi komissiyalari tomonidan loyihalar asossiz rad etilgani yoki mezonlarga mos kelmaydigan loyihalar o‘tkazilgani aniqlangani sababli ovoz berish bosqichi vaqtincha to‘xtatilgan edi.
Vazirlik talabiga binoan hududlardagi komissiyalar tomonidan aniqlangan xato va kamchiliklar bartaraf etildi, shuningdek loyihalar belgilangan mezonlar asosida qayta ko‘rib chiqildi.
Shundan so‘ng quyidagi tumanlarda ovoz berish jarayoni to‘liq tiklandi:
- Bog‘ot tumani
- Qo‘shko‘pir tumani
- Yangiariq tumani
- Xiva tumani
- Urganch tumani
Mazkur hududlar aholisi endilikda portal orqali o‘zlariga ma’qul bo‘lgan loyihalarga hech qanday cheklovlarsiz ovoz berishi mumkin.
Shu bilan birga ayrim hududlarda cheklovlar hali saqlanib qolmoqda. Xususan, Farg‘ona shahri, G‘ozg‘on shahri, Navoiy shahri, Urganch shahri hamda Zangiota tumanida loyihalar komissiyalar tomonidan qayta ko‘rib chiqilmaguncha ovoz berish vaqtincha cheklangan holda qoladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Open budjet»ning birinchi mavsum ovoz berish jarayoni boshlangani haqida yozgandi.