
Xorijdan olib kelinayotgan sintetik narkotik moddalar va kuchli ta’sir qiluvchi dorilar ushlab qolindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Birinchi holatda, 2003-yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan va Toshkent shahrida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi «Neksia 3» avtomobili Toshkent viloyati Zangiota tumanidan poytaxtga qarab harakatlanayotganda Chilonzor tumani «Erkin» YPX maskanida to‘xtatildi.
Tekshiruv natijasida avtomashina salonidan sof og‘irligi 4,8 kg bo‘lgan «Alfa PVP» sintetik narkotik moddasi topildi va ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi. Hozirda DXX Tergov boshqarmasi ushbu shaxsga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Ikkinchi holatda, DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tezkor tadbir o‘tkazganida, «O‘zbek-Qirg‘iz» davlat chegarasining Andijon viloyati Marhamat tumanidagi Bobohuroson MFY hududida 1985 va 1987-yillarda tug‘ilgan ikki nafar mahalliy fuqaro Qirg‘izistondan kelayotgan bir dona qog‘oz qutini qabul qilayotgan vaqtida ushlab olindi.
Tekshiruvda qutida 9988 dona «Zardeks» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dorilar borligi aniqlandi. Hozirda DXX Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan ushbu shaxslarga nisbatan JKning 246-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq DXX tomonidan Farg‘onada qariyb 21 ming dona kuchli ta’sir qiluvchi dori musodara qilingan edi.