Yo‘l o‘rtalaridagi panjaralar sinov tarzida o‘rnatilgan — izoh

Toshkentda yo‘l o‘rtalariga o‘rnatilayotgan panjaralar masalasi hozircha tajriba sifatida o‘rganilmoqda. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) bo‘lim boshligi Ollayor Norbo‘tayev matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar berdi «Kursiv» muxbiri.
Mutasaddining aytishicha, yo‘l harakatini tashkil etish markazi mutaxassislari har bir chorraha va ko‘chani alohida o‘rganmoqda. Bunda so‘nggi 5–10 yil davomida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari, ayniqsa, piyodalar bilan bog‘liq avariyalar tahlil qilinmoqda. Ushbu ma’lumotlar asosida qaysi joylarda panjara o‘rnatish kerakligi yoki kerak emasligi aniqlanadi.
«Har bir nuqtada, har bir ko‘chada o‘rganishlar amalga oshirilib, eksperiment olib boriladi va panjara bitta panjara emas, u yerda, masalan, svetofor almashadi, belgi qo‘yiladi, yangi yo‘lovchi, piyodalar o‘tish joylari tashkil etiladi, yangi trotuarlar tashkil qilinadi. Bu yo‘l harakatini tashkil etishning bitta, bir yuzdan bitta bo‘lagi», — dedi Norbo‘tayev.
Shuningdek, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyevning qo‘shimcha qilishicha, panjaralar o‘rnatish tashabbusi yo‘llarda piyodalar o‘limi ko‘paygani sabab paydo bo‘lgan. Biroq har bir joy bo‘yicha alohida tahlil o‘tkazilib, eng to‘g‘ri yechim tanlanadi.
«Ayrim holatlarda rostdan ham shu panjaralar o‘rnatilishi noto‘g‘ri bo‘lishi kutilmoqda. Hozir hali yakuniy xulosamiz yo‘q. Biz o‘zimiz uchun «prioritet» belgilab oldik. Qaysi holatlarda panjaralar qo‘yilishi kerak, qaysi holatlarda panjaralar qo‘yilishi kerak emas. Shu xalqaro tajribani ham o‘rgandik. Juda ko‘p hollarda piyodalarga ustuvorlik berish masalasi qo‘yilgan», — dedi hokim o‘rinbosari.
Xalqaro tajribaga ko‘ra, piyodalar o‘limini kamaytirishning eng muhim usullaridan biri avtomobillar tezligini pasaytirish hisoblanadi. Mutasaddining ta’kidlashicha, shu sababli yo‘llarni muhandislik jihatdan qayta ko‘rib chiqish, tezlikni tabiiy ravishda kamaytiradigan sharoitlar yaratish ham rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bekatlardagi do‘koni buzilgan tadbirkorlarga turizm ko‘chalaridan joy berilishi xabar qilingandi. Norbo’tayevga ko‘ra, poytaxtdagi har bir tuman hokimliklariga turizm ko‘chalarini tashkil etish topshiriqlari berilgan. Bu do‘konlari buzilgan tadbirkorlar uchun yaxshi tanlov bo‘lishi mumkin.