Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lish uchun nimalar kerak: to‘liq qo‘llanma

Har yili 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida Shavkat Mirziyoyev 28 nafar iste’dodli qizlarni Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlaydi. Shu paytga qadar 500 dan ortiq tashabbuskor, o‘z yo‘nalishida yuqori yutuqlarga erishgan, faolligi bilan tengdoshlari orasida ajralib turadigan qizlar ushbu mukofotga sazovor bo‘ldi. Mukofotning talablari yillar davomida yangilanib, qizlarning olish imkoniyatlari va beriladigan imtiyozlar kengaytirildi. Ushbu maqolada mukofotning tarixi, ahamiyati, talablari, hujjat topshirish jarayoni va beradigan imtiyozlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etiladi.
Ushbu maqola quyidagi bo‘limlarda iborat:
- Mukofotning tarixi
- Mukofotning ahamiyati
- Mukofotning yo‘nalishlari va talablari
- Mukofot uchun qanday hujjatlar topshiriladi
- Mukofotning hududiy bosqichlari
- Mukofotning Respublika bosqichi
- Mukofotning taqdirlash marosimi
- Mukofot beradigan imtiyozlar
Mukofotning tarixi

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti 1999-yilda O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan ta’sis etilgan. U har yili an’anaviy tarzda Xalqaro xotin-qizlar kuni — 8-mart arafasida iqtidorli qizlarga topshiriladi.

1999-yildan boshlab Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti dastlab har bir hududdan 14 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan faqat 1 nafardan qizga berilgan. Shu tartibda sovrindorlar soni cheklangan bo‘lib, jami hududlar bo‘yicha 14 nafar qiz mukofot bilan taqdirlangan. Ayrim yillarda istisno tariqasida mukofotlangan qizlar soni 14 tadan ko‘p bo‘lgan. Masalan 2014-yil uchun 16 ta, 2017-yil uchun 15 ta qiz mazkur mukofot bilan taqdirlangan.

2018-yildan boshlab prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti har bir hududdan ikki nafardan 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan qizga beriladigan bo‘ldi. Bu tartibga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahridan 2 nafardan nomzod tanlanib, mukofot sovrindorlari soni kengaytirildi.

Shuningdek, 2018-yildan boshlab Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha imtiyozlar kengaytirilgan edi. Avval mukofot laureatlari kirish imtihonlarisiz faqat bakalavriat bosqichiga qabul qilinishi mumkin edi.

Ammo 2018-yildan boshlab bu imtiyoz yanada kengaytirilib, sovrindorlar magistratura bosqichiga ham davlat granti asosida kirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bu o‘zgarish yosh qizlarning ilmiy va akademik faoliyatini rag‘batlantirish, ularni yuqori malakali mutaxassis sifatida tayyorlashga xizmat qiladi.

Mukofotning ahamiyati
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti — O‘zbekistonda iqtidorli va faol qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan nufuzli mukofotlardan biridir. Ushbu mukofot yosh qizlarni yangi yutuqlarga ilhomlantirish, ijtimoiy hayotda tanitish orqali ularning shaxsiy va professional rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi. Bugungi kunga kelib mazkur mukofot o‘zining ahamiyati va ta’siri bilan ajralib turadigan yosh qizlar uchun ilmiy va ijodiy yutuqlarga erishish yo‘lida muhim rag‘bat manbaiga aylangan.
Mukofotning yo‘nalishlari va talablari

Tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlar sakkizta asosiy yo‘nalish — fan, ta’lim, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari va jamoatchilik faoliyati bo‘yicha saralanadi. Mazkur tanlovda jamiyat hayotining turli sohalarida o‘z qobiliyatini namoyon etgan, a’lo xulqi, zukkoligi, tashabbuskorligi va mehnati bilan tengdoshlariga har tomonlama o‘rnak bo‘lib kelayotgan faol xotin-qizlar ishtirok etishlari mumkin.

Nomzodlar, avvalo, respublika va xalqaro miqyosdagi tanlovlar, musobaqalar yoki loyihalarda yuqori natijalarga erishgan bo‘lishlari lozim. Shuningdek, o‘z faoliyat sohasida yangilik yaratgan, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etgan, o‘qish va ish jarayonida yuksak muvaffaqiyatlarga erishgan talabgorlarga alohida e’tibor qaratiladi. Zamonaviy axborot texnologiyalarini va xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirgan, bilimi va yetakchilik qobiliyati bilan yoshlarga namuna bo‘layotgan qizlar tanlovning munosib ishtirokchilari hisoblanadi.
Mukofot uchun qanday hujjatlar topshiriladi

| Hujjat nomi | Hujjatga qo‘yilgan talablar |
| Fotosurat ostidagi ma’lumotnoma | 9×12 rasm ostiga joylashtirilgan batafsil va lo‘nda ma’lumot |
| Obyektivka (Ma’lumotnoma) | Hokimlikning kadrlar bo‘limidan imzolangan bo‘lishi shart |
| So‘rovnoma va Tarjimai hol | Yangi blankaga, nomzod tomonidan aniq va chiroyli yozuvda to‘ldirilishi lozim |
| Tavsiyanomalar to‘plami | 2 ta taqdimnoma, 2 ta tavsiyanoma va 3 ta tavsifnoma. |
| Annotatsiya | Nomzodning 3 yillik faoliyati bo‘yicha annotatsiya |
| Komissiya hujjatlari | Komissiya qarori, Ishchi guruh qarori (keyingi bosqichlarda) |
| Fikrnomalar va ularning jamlanmasi | 4 ta fikrnoma (yo‘nalish mutaxassislaridan) |
| Taqrizlar | Hujjat topshirilgan yo‘nalish vakillari tomonidan yozilgan 2 ta taqriz (ilmiy yoki badiiy ijod namunalari uchun) |
| Yutuqlar ro‘yxati va nusxalari | Faxriy yorliq, sertifikatlar nusxasi «Asliga to‘g‘ri» deb tasdiqlangan bo‘lishi shart |
| Shaxsini tasdiqlovchi hujjat | Pasport yoki tug‘ilganlik guvohnomasi nusxasi (barcha zarur betlari sifatli ko‘chirilgan bo‘lishi shart) |
| Nomzodning ma’lumotnomasi | Ish va yashash joyidan berilgan, ro‘yxatga olingan, imzolangan va muhrlangan |
| Ota-onaga oid hujjatlar | Pasport nusxalari, ish va yashash joyidan ma’lumotnomalar My.gov.uz dan olinadi (imzo va muhr bilan topshiriladi) |
| Fotosuratlar | 9×12 va 3,5×4,5 (4 donadan). Rasmiy kiyimda, moviy fonda, ortiqcha pardoz va bezaklarsiz, rasm ramkaga olinmagan bo‘lishi kerak |
| Ijodiy ishlar namunalari | Chop etilgan maqolalar, gazeta-jurnallar, kitoblar, dars ishlanmalari, referatlar va h.k.z |
| Hunarmandchilik albomi | San’at yo‘nalishi uchun: milliy asarlar fotonusxalari jamlangan maxsus albom |
| Media materiallar | Faoliyat aks etgan va taqida kadr haqida ma’lumot yozilgan fotolavhalar (8-10 dona), san’at yo‘nalishi uchun audio/video disklar |
Ma’lumot uchun, hujjatlarning namunalari va yana-da aniq talablarni yashab turgan hududingizdagi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hududiy boshqarmasi yoki ta’lim muassasalaridagi Xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi mutaxassislaridan bilib olishingiz mumkin.
Mukofotning hududiy bosqichlari

Munosib talabgorlarni tanlashning tuman va shahar bosqichi har yili kuzda 2-sentabrdan 20-oktabrgacha bo‘lib o‘tadi. Dastlab korxona va tashkilotlar o‘z xodimlarini nomzod sifatida ko‘rsatadi. So‘ngra maxsus komissiya ularning yutuqlarini ko‘rib chiqib, yuqori natija ko‘rsatganlarni keyingi bosqichga tavsiya qiladi. Tanlovdan o‘tgan hujjatlar hokimlar orqali yuqori turuvchi viloyat yoki poytaxt komissiyalariga yuboriladi.

Viloyat miqyosida saralash Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida har yili 21-oktabrdan 30-noyabrgacha davom etadi. Bunda hududiy komissiyalar mutaxassislarni jalb qilgan holda nomzodlarning hujjatlarini qayta tekshiradi va ular bilan bevosita suhbat o‘tkazadi. Suhbat davomida talabgorlarning ilmiy-ijodiy va amaliy ishlari baholanadi. Eng kuchli deb topilgan nomzodlar hudud rahbarlarining (Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi yoki viloyat hokimlari) tavsiyasi bilan yakuniy Respublika bosqichiga taqdim etiladi.
Mukofotning Respublika bosqichi

Nomzodlarni saralashning respublika bosqichi har yili 1-dekabrdan 31-dekabrga qadar o‘tkaziladi. Ushbu jarayonda Respublika komissiyasi hududlardan tavsiya etilgan nomzodlarning hujjatlarini maxsus ekspert va mutaxassislarni jalb qilgan holda sinchiklab o‘rganib chiqadi.

Tanlov bevosita suhbat asosida tashkil etilib, unda har bir yo‘nalish bo‘yicha talabgorlarning erishgan yutuqlari, ilmiy-ijodiy va amaliy ishlari munosib baholanadi. Yakunda eng yuqori natija ko‘rsatgan munosib nomzodlar bo‘yicha xulosa qabul qilinadi. Saralangan talabgorlarning hujjatlar to‘plami va tegishli taqdimnomalar har yili 20-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taqdim etilishi lozim.

Jarayonning adolatli va ochiq o‘tishini ta’minlash maqsadida barcha bosqichlar video va foto lavhalarga olingan holda, to‘liq shaffof tarzda o‘tkaziladi. Shuningdek, talabgorlarning erishgan yutuqlari va tanlov natijalari ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib boriladi
Mukofotning taqdirlash marosimi

Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining taqdirlash marosimi har yili an’anaviy tarzda 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida o‘tkaziladi. Mukofotlanadigan qizlarning ism-familiyalari mart oyining ilk kunlarida prezident matbuot xizmati, O‘zA va boshqa OAVda e’lon qilinadi. Shuningdek, ularning yutuqlari va jamiyatdagi faoliyati keng jamoatchilikka tanishtiriladi.

Taqdirlash marosimida Shavkat Mirziyoyev ishtirok etadi va sovrindorlarni mukofot bilan taqdirlaydi. Marosimga hukumat vakillari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari va ommaviy axborot vositalari ham ishtirok etadi.

Mukofot beradigan imtiyozlar
Sovrindorlar mukofotlanganlik haqidagi diplom, koʻkrak nishoni hamda bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravariga teng mukofot puli bilan taqdirlanadi (hozirda BHMning 1 baravari 412 ming so‘m). Shuningdek, mukofot laureatlari oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga, bakalavriat talabalari esa magistratura bosqichiga tegishli yo‘nalish va ixtisoslik bo‘yicha kirish imtihonlarisiz davlat granti asosida qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilgi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari e’lon qilingan edi.