Qarashlar

Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lish uchun nimalar kerak: to‘liq qo‘llanma

Saralash bosqichidan Respublika g‘olibligigacha: 28 ta mukofotlangan qizdan biri bo‘lish uchun bugundan boshlang!
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti
Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lish uchun nimalar kerak: to‘liq qo‘llanma / Foto: UzA

Har yili 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida Shavkat Mirziyoyev 28 nafar iste’dodli qizlarni Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlaydi. Shu paytga qadar 500 dan ortiq tashabbuskor, o‘z yo‘nalishida yuqori yutuqlarga erishgan, faolligi bilan tengdoshlari orasida ajralib turadigan qizlar ushbu mukofotga sazovor bo‘ldi. Mukofotning talablari yillar davomida yangilanib, qizlarning olish imkoniyatlari va beriladigan imtiyozlar kengaytirildi. Ushbu maqolada mukofotning tarixi, ahamiyati, talablari, hujjat topshirish jarayoni va beradigan imtiyozlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etiladi.

Ushbu maqola quyidagi bo‘limlarda iborat:

  1. Mukofotning tarixi
  2. Mukofotning ahamiyati
  3. Mukofotning yo‘nalishlari va talablari
  4. Mukofot uchun qanday hujjatlar topshiriladi
  5. Mukofotning hududiy bosqichlari
  6. Mukofotning Respublika bosqichi
  7. Mukofotning taqdirlash marosimi
  8. Mukofot beradigan imtiyozlar

Mukofotning tarixi

Foto: O‘zA / 2009-yil

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti 1999-yilda O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan ta’sis etilgan. U har yili an’anaviy tarzda Xalqaro xotin-qizlar kuni — 8-mart arafasida iqtidorli qizlarga topshiriladi.

Foto: O‘zA / 2010-yil

1999-yildan boshlab Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti dastlab har bir hududdan 14 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan faqat 1 nafardan qizga berilgan. Shu tartibda sovrindorlar soni cheklangan bo‘lib, jami hududlar bo‘yicha 14 nafar qiz mukofot bilan taqdirlangan. Ayrim yillarda istisno tariqasida mukofotlangan qizlar soni 14 tadan ko‘p bo‘lgan. Masalan 2014-yil uchun 16 ta, 2017-yil uchun 15 ta qiz mazkur mukofot bilan taqdirlangan.

Foto: O‘zA / 2011-yil

2018-yildan boshlab prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti har bir hududdan ikki nafardan 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan qizga beriladigan bo‘ldi. Bu tartibga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahridan 2 nafardan nomzod tanlanib, mukofot sovrindorlari soni kengaytirildi.

Foto: O‘zA / 2012-yil

Shuningdek, 2018-yildan boshlab Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha imtiyozlar kengaytirilgan edi. Avval mukofot laureatlari kirish imtihonlarisiz faqat bakalavriat bosqichiga qabul qilinishi mumkin edi.

Foto: O‘zA / 2013-yil

Ammo 2018-yildan boshlab bu imtiyoz yanada kengaytirilib, sovrindorlar magistratura bosqichiga ham davlat granti asosida kirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bu o‘zgarish yosh qizlarning ilmiy va akademik faoliyatini rag‘batlantirish, ularni yuqori malakali mutaxassis sifatida tayyorlashga xizmat qiladi.

Foto: O‘zA / 2014-yil

Mukofotning ahamiyati

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti — O‘zbekistonda iqtidorli va faol qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan nufuzli mukofotlardan biridir. Ushbu mukofot yosh qizlarni yangi yutuqlarga ilhomlantirish, ijtimoiy hayotda tanitish orqali ularning shaxsiy va professional rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi. Bugungi kunga kelib mazkur mukofot o‘zining ahamiyati va ta’siri bilan ajralib turadigan yosh qizlar uchun ilmiy va ijodiy yutuqlarga erishish yo‘lida muhim rag‘bat manbaiga aylangan.

Mukofotning yo‘nalishlari va talablari

Foto: O‘zA / 2015-yil

Tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlar sakkizta asosiy yo‘nalish — fan, ta’lim, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari va jamoatchilik faoliyati bo‘yicha saralanadi. Mazkur tanlovda jamiyat hayotining turli sohalarida o‘z qobiliyatini namoyon etgan, a’lo xulqi, zukkoligi, tashabbuskorligi va mehnati bilan tengdoshlariga har tomonlama o‘rnak bo‘lib kelayotgan faol xotin-qizlar ishtirok etishlari mumkin.

Foto: O‘zA / 2016-yil

Nomzodlar, avvalo, respublika va xalqaro miqyosdagi tanlovlar, musobaqalar yoki loyihalarda yuqori natijalarga erishgan bo‘lishlari lozim. Shuningdek, o‘z faoliyat sohasida yangilik yaratgan, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etgan, o‘qish va ish jarayonida yuksak muvaffaqiyatlarga erishgan talabgorlarga alohida e’tibor qaratiladi. Zamonaviy axborot texnologiyalarini va xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirgan, bilimi va yetakchilik qobiliyati bilan yoshlarga namuna bo‘layotgan qizlar tanlovning munosib ishtirokchilari hisoblanadi.

Mukofot uchun qanday hujjatlar topshiriladi

Foto: O‘zA / 2017-yil
Hujjat nomiHujjatga qo‘yilgan talablar
Fotosurat ostidagi ma’lumotnoma9×12 rasm ostiga joylashtirilgan batafsil va lo‘nda ma’lumot
Obyektivka (Ma’lumotnoma)Hokimlikning kadrlar bo‘limidan imzolangan bo‘lishi shart
So‘rovnoma va Tarjimai holYangi blankaga, nomzod tomonidan aniq va chiroyli yozuvda to‘ldirilishi lozim
Tavsiyanomalar to‘plami2 ta taqdimnoma, 2 ta tavsiyanoma va 3 ta tavsifnoma.
AnnotatsiyaNomzodning 3 yillik faoliyati bo‘yicha annotatsiya
Komissiya hujjatlariKomissiya qarori, Ishchi guruh qarori (keyingi bosqichlarda)
Fikrnomalar va ularning jamlanmasi4 ta fikrnoma (yo‘nalish mutaxassislaridan)
TaqrizlarHujjat topshirilgan yo‘nalish vakillari tomonidan yozilgan 2 ta taqriz (ilmiy yoki badiiy ijod namunalari uchun)
Yutuqlar ro‘yxati va nusxalariFaxriy yorliq, sertifikatlar nusxasi «Asliga to‘g‘ri» deb tasdiqlangan bo‘lishi shart
Shaxsini tasdiqlovchi hujjatPasport yoki tug‘ilganlik guvohnomasi nusxasi (barcha zarur betlari sifatli ko‘chirilgan bo‘lishi shart)
Nomzodning ma’lumotnomasiIsh va yashash joyidan berilgan, ro‘yxatga olingan, imzolangan va muhrlangan
Ota-onaga oid hujjatlarPasport nusxalari, ish va yashash joyidan ma’lumotnomalar My.gov.uz dan olinadi (imzo va muhr bilan topshiriladi)
Fotosuratlar9×12 va 3,5×4,5 (4 donadan). Rasmiy kiyimda, moviy fonda, ortiqcha pardoz va bezaklarsiz, rasm ramkaga olinmagan bo‘lishi kerak
Ijodiy ishlar namunalariChop etilgan maqolalar, gazeta-jurnallar, kitoblar, dars ishlanmalari, referatlar va h.k.z
Hunarmandchilik albomiSan’at yo‘nalishi uchun: milliy asarlar fotonusxalari jamlangan maxsus albom
Media materiallarFaoliyat aks etgan va taqida kadr haqida ma’lumot yozilgan fotolavhalar (8-10 dona), san’at yo‘nalishi uchun audio/video disklar

Ma’lumot uchun, hujjatlarning namunalari va yana-da aniq talablarni yashab turgan hududingizdagi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hududiy boshqarmasi yoki ta’lim muassasalaridagi Xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi mutaxassislaridan bilib olishingiz mumkin.

Mukofotning hududiy bosqichlari

Foto: O‘zA / 2018-yil

Munosib talabgorlarni tanlashning tuman va shahar bosqichi har yili kuzda 2-sentabrdan 20-oktabrgacha bo‘lib o‘tadi. Dastlab korxona va tashkilotlar o‘z xodimlarini nomzod sifatida ko‘rsatadi. So‘ngra maxsus komissiya ularning yutuqlarini ko‘rib chiqib, yuqori natija ko‘rsatganlarni keyingi bosqichga tavsiya qiladi. Tanlovdan o‘tgan hujjatlar hokimlar orqali yuqori turuvchi viloyat yoki poytaxt komissiyalariga yuboriladi.

Foto: O‘zA / 2019-yil

Viloyat miqyosida saralash Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida har yili 21-oktabrdan 30-noyabrgacha davom etadi. Bunda hududiy komissiyalar mutaxassislarni jalb qilgan holda nomzodlarning hujjatlarini qayta tekshiradi va ular bilan bevosita suhbat o‘tkazadi. Suhbat davomida talabgorlarning ilmiy-ijodiy va amaliy ishlari baholanadi. Eng kuchli deb topilgan nomzodlar hudud rahbarlarining (Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi yoki viloyat hokimlari) tavsiyasi bilan yakuniy Respublika bosqichiga taqdim etiladi.

Mukofotning Respublika bosqichi

Foto: O‘zA / 2020-yil

Nomzodlarni saralashning respublika bosqichi har yili 1-dekabrdan 31-dekabrga qadar o‘tkaziladi. Ushbu jarayonda Respublika komissiyasi hududlardan tavsiya etilgan nomzodlarning hujjatlarini maxsus ekspert va mutaxassislarni jalb qilgan holda sinchiklab o‘rganib chiqadi.

Foto: O‘zA / 2021-yil

Tanlov bevosita suhbat asosida tashkil etilib, unda har bir yo‘nalish bo‘yicha talabgorlarning erishgan yutuqlari, ilmiy-ijodiy va amaliy ishlari munosib baholanadi. Yakunda eng yuqori natija ko‘rsatgan munosib nomzodlar bo‘yicha xulosa qabul qilinadi. Saralangan talabgorlarning hujjatlar to‘plami va tegishli taqdimnomalar har yili 20-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taqdim etilishi lozim.

Foto: O‘zA / 2022-yil

Jarayonning adolatli va ochiq o‘tishini ta’minlash maqsadida barcha bosqichlar video va foto lavhalarga olingan holda, to‘liq shaffof tarzda o‘tkaziladi. Shuningdek, talabgorlarning erishgan yutuqlari va tanlov natijalari ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib boriladi

Mukofotning taqdirlash marosimi

Foto: O‘zA / 2023-yil

Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining taqdirlash marosimi har yili an’anaviy tarzda 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida o‘tkaziladi. Mukofotlanadigan qizlarning ism-familiyalari mart oyining ilk kunlarida prezident matbuot xizmati, O‘zA va boshqa OAVda e’lon qilinadi. Shuningdek, ularning yutuqlari va jamiyatdagi faoliyati keng jamoatchilikka tanishtiriladi.

Foto: O‘zA / 2024-yil

Taqdirlash marosimida Shavkat Mirziyoyev ishtirok etadi va sovrindorlarni mukofot bilan taqdirlaydi. Marosimga hukumat vakillari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari va ommaviy axborot vositalari ham ishtirok etadi.

Foto: O‘zA / 2025-yil

Mukofot beradigan imtiyozlar

Sovrindorlar mukofotlanganlik haqidagi diplom, koʻkrak nishoni hamda bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravariga teng mukofot puli bilan taqdirlanadi (hozirda BHMning 1 baravari 412 ming so‘m). Shuningdek, mukofot laureatlari oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga, bakalavriat talabalari esa magistratura bosqichiga tegishli yo‘nalish va ixtisoslik bo‘yicha kirish imtihonlarisiz davlat granti asosida qabul qilinadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati / 2026-yil

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilgi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari e’lon qilingan edi.