
Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlari hamkorligida xorijiy davlatlardan olib kelinayotgan qimmatbaho metallarning noqonuniy harakati to‘xtatildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, 1985-yilda tug‘ilgan, Andijon shahrida yashovchi shaxs bir nechta tovar tashuvchilar orqali «Do‘stlik» xalqaro nazorat o‘tkazish punktidan Qirg‘iziston Respublikasidan 162 gramm oltin buyumlarni olib kelgan. Ularni qariyb $17 mingga teng qiymatda olib, Andijon shahriga yo‘l olgan vaqtida Xo‘jaobod tumanidagi YPX maskanida ushlangan.
Shuningdek, tergov jarayonida 1983-yilda tug‘ilgan, Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi shaxs 908 gramm platina metallini sotish maqsadida xaridor izlayotgani aniqlangan. Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu shaxs qimmatbaho metallni shartli xaridorga $62,9 mingga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq DXX xorijdan olib kelingan sintetik narkotik va kuchli ta’sir qiluvchi dorilar to‘xtatib qolgan edi.