Asli bilan solishtirilgan Chevrolet Damas, qo‘qonlik tabib taqdiri, ish boshlayotgan metan «zapravkalar» — 13-martning muhim yangiliklari

Kursiv Uzbekistan 13-mart kuni e’lon qilingan yangiliklarning eng muhimlarini bir joyga jamladi.
Nyu-Yorkda yana bir O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi
10-mart kuni Nyu-York shahrida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida Nilufar Komilova vafot etdi. Bu haqda O‘zbekistonning Nyu Yorkdagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa New York City Department of Transportation’ga tegishli yuk mashinasi ishtirokida yuz bergan. Komilova 31 yoshni qarshi olgan bo‘lib, ikki farzandning onasi edi.
Temur Malik ko‘chasida avtomobillar harakati qisman tiklandi
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Temur Malik ko‘chasida avtomobillar harakati qisman tiklandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, Sultoniya ko‘chasi bilan kesishmadan boshlab, Temur Malik ko‘chasi orqali Mirzo Ulug‘bek ko‘chasiga chiqadigan yo‘nalishda harakat tiklandi.
Ali Xomanaiyning bevasi tirik ekani rasman tasdiqlandi
Eronning sobiq oliy rahnamosi Ali Xomanaiyning bevasi Mansura Xojasta Bagirzoda tirik ekani tasdiqlandi. Uning vafot etgani haqidagi dastlabki xabarlar xato bo‘lib chiqdi. Bu haqda Eronning Fars News agentligi xabar bermoqda.
12-mart kuni Eronning amaldagi oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiy ilk rasmiy nutqida halok bo‘lgan yaqinlari qatorida onasini tilga olmagan edi. U AQSh va Isroil hujumlari oqibatida o‘zining turmush o‘rtog‘i, singlisi, jiyani va pochchasi halok bo‘lganini aytib, shahidlarning oilalariga chuqur hamdardlik bildirishini aytgan.
Bokuda qo‘lga olingan qo‘qonlik tabib ozod qilindi
Bokuda politsiya tomonidan bir necha kun oldin qo‘lga olingan qo‘qonlik tabib Iqbol Soliyev 12-mart kuni ozodlikka chiqdi. Bu haqda Lent.az nashri xabar berdi.
U avval BI-ES VIP klinikasida shifokorlik xizmatlarini o‘z uslubida ko‘rsatib, bemorlar uchun qabul tashkil qilgan. Qabulga kelgan bemorlar sonining ortishi sabab, klinikada katta navbatlar yuzaga kelgan edi. 11-mart kuni Ozarbayjon matbuoti uning qo‘lga olingani haqida xabar bergan.
Chevrolet Cobalt avtomobili nega haliyam ommabop
Chevrolet Cobalt nomi avtomobil sanoatida ikki xil tarixiy yo‘nalishga ega. Shimoliy Amerikada Cobalt 2005 – 2010-yillarda ishlab chiqarilgan alohida platformadagi model bo‘lgan. O‘zbekiston va boshqa rivojlanayotgan bozorlar uchun mashhur bo‘lgan Cobalt esa boshqa yo‘nalishning davomchisi hisoblanadi. «Kursiv» ushbu modelning mahalliy bozorda haliyam ommaboplik sabablarini o‘rganadi.
Toshkentda Navro‘z munosabati bilan otliq parad bo‘lib o‘tadi
Toshkent shahrida Navro‘z bayrami munosabati bilan 14-mart kuni soat 16:00 da otliq paradi o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Otliq paradi poytaxtning markaziy qismi bo‘lgan Amir Temur xiyoboni bo‘ylab harakatlanadi. Tadbir O‘zbekiston Milliy gvardiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, unda poytaxtdagi kuch tuzilmalari kavaleriya bo‘linmalari qatnashishi kutilmoqda.
14-martdan «metan zapravka»lar faoliyati bosqichma-bosqich qayta tiklanadi
O‘zbekistonda 14-mart kunidan boshlab «metan zapravka»lar faoliyati bosqichma-bosqich tiklana boshlaydi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar bermoqda.
13-mart kuni «metan zapravka»lar faqat ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi avtomobillar hamda jamoat transporti uchun ochiq bo‘ladi. Shoxobchalarning kelgusi ish vaqti bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishi ma’lum qilingan.
Aholisi eng kam bo‘lgan 10 ta tuman va shahar e’lon qilindi
2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, mamlakatning doimiy aholisi hamda eng kam aholi yashaydigan hududlar ro‘yxatini taqdim etildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aholisi eng kam bo‘lgan hududlar o‘nligini Navoiy viloyatining G‘ozg‘on shahri boshqarib turibdi. Ushbu shaharda doimiy yashovchilar soni 9,5 ming nafarni tashkil etadi. Undan keyingi o‘rinlarni 15,2 ming nafar aholi bilan Tomdi tumani hamda 19,4 ming nafar ko‘rsatkich bilan Sirdaryo viloyatining Shirin shahri egallagan.
Yangi Chevrolet Damas Xitoy originali bilan solishtirildi
O‘zbekistonda afsonaviy miniven — Chevrolet Damas modelining keskin yangilanishi muhokama qilinmoqda. Avtomobil ishqibozlari qiziqarli bir faktga e’tibor qaratishdi: 2026-yil boshida taqdim etilgan versiya unchalik ham yangi emas ekan. Bu haqda SNG Garage World YouTube-kanali avtoblogeri Behzod Qayumov aytdi.
Gap yangi avlod Damas Move haqida ketmoqda. Xitoyda u anchadan beri Wuling Hongguang S nomi bilan tanilgan, boshqa bozorlarda esa Chevrolet N400 yoki Chevrolet Tornado Van nomlari bilan sotiladi. Aynan shu model o‘zbek mikroavtobusi uchun asos bo‘lgan.
Toshkentda avtobus yo‘laklari to‘siqlar bilan ajratiladi
Toshkent shahrida jamoat transporti harakatini yaxshilash uchun avtobuslarga mo‘ljallangan «A» yo‘laklari maxsus to‘siqlar bilan ajratilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qildi.
Bu yo‘laklar deliniatorlar yordamida ajratiladi. Natijada boshqa avtomobillar avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklarga kirib ketolmaydi. Bu esa jamoat transportining tezroq va tartibli harakatlanishiga yordam beradi.
«Open budjet»ga berilgan ovozlar uchun pul to‘lanmaydi — vazirlik
Fuqarolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan norasmiy Telegram botlari orqali «Tashabbusli budjet» jarayonida ovoz berish evaziga pul mukofoti va’da qilinayotgani haqida ogohlantirildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda bunday takliflar ko‘payib, fuqarolar o‘rtasida turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, va’da qilingan mablag‘lar berilmayotgani bo‘yicha vazirlikka yuzlab murojaatlar kelib tushgan.