
Bokuda politsiya tomonidan bir necha kun oldin qo‘lga olingan qo‘qonlik tabib Iqbol Soliyev 12-mart kuni ozodlikka chiqdi. Bu haqda Lent.az nashri xabar berdi.
U avval BI-ES VIP klinikasida shifokorlik xizmatlarini o‘z uslubida ko‘rsatib, bemorlar uchun qabul tashkil qilgan. Qabulga kelgan bemorlar sonining ortishi sabab, klinikada katta navbatlar yuzaga kelgan edi. 11-mart kuni Ozarbayjon matbuoti uning qo‘lga olingani haqida xabar bergan.
Xabarlarda aytilishicha, Iqbol Soliev bemorlarni «bionur» usuli bilan davolashini bildirgan. U har bir qabul uchun 60 manat, ya’ni taxminan 430 ming so‘m miqdorida haq olgan.
Soliyev bundan oldin bioenergiya orqali shifo berish xizmatlari uchun faxriy yorliq bilan taqdirlangan, bu haqda u Instagram sahifasida e’lon qilgan.
Shuningdek, Lent.az xabariga ko‘ra, unga nisbatan qonunchilik talablariga muvofiq choralar ko‘rilgan va Ozarbayjondan chiqarib yuborish tartibi ta’minlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 54 yoshli tabib Iqbol Solievga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgani haqida yozgandi.