Yangiliklar

Buxoroda 3,5 mlrd so‘mlik noqonuniy kriptoaktiv savdosi bilan shug‘ullangan shaxs ushlandi

2023-yil sentabrdan 2024-yil fevraligacha davom etgan faoliyati davomida
Foto: Videodan olindi

Buxoro viloyatining Vobkent tumanida yashovchi fuqaro litsenziyasiz kriptoaktiv savdosi bilan shug‘ullanib kelgani aniqlanib, uning faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

Unga ko‘ra, Vobkent tumanida yashovchi fuqaro belgilangan tartib-qoidalarni e’tiborsiz qoldirib, litsenziyasiz faoliyatni tanlagan. U internet tarmoqlari orqali Binance xalqaro kriptobirjasida ro‘yxatdan o‘tkazib, noqonuniy savdo qilgan.

2023-yil sentabrdan 2024-yil fevraligacha davom etgan faoliyati davomida, u bir nechta bank kartalari orqali 874 moliyaviy tranzaksiya amalga oshirib, 1,8 milliard so‘mlik USDT sotib olgan va 1,7 milliard so‘mlik kriptoaktivlarni pullagan. Natijada jami 3, 5 milliard so‘m (taxminan 270 ming USDT) miqdordagi kriptoaktivlarning noqonuniy aylanmasi yashirin tarzda boshqarilgan.

Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda ayrim hollarda kriptovalyuta to‘lovlariga ruxsat berilishi mumkinligi haqida yozgandi.

Unga ko‘ra, kompaniyalar reklamada kriptoaktivlar O‘zbekistonda to‘lov vositasi emasligini, albatta, ko‘rsatishi shart. Biroq hujjatda «qonunchilik hujjatlarida belgilangan ayrim hollar bundan mustasno» degan izoh paydo bo‘ldi. Bu esa ayrim vaziyatlarda kripto orqali to‘lovlarga ruxsat berilishi mumkinligini anglatadi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 661 mingdan ortiq rezident kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi rasmiy xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar ro‘yxatidan o‘tgan.