
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Temur Malik ko‘chasida avtomobillar harakati qisman tiklandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, Sultoniya ko‘chasi bilan kesishmadan boshlab, Temur Malik ko‘chasi orqali Mirzo Ulug‘bek ko‘chasiga chiqadigan yo‘nalishda harakat tiklandi.

Ammo harakatlanish tartibiga biroz o‘zgartirish kiritilgan holda tezlik cheklovi saqlanadi. Xususan,
- Temur Malik ko‘chasida Sultoniya ko‘chasidan harakatlanganda, qarama-qarshi yo‘nalish orqali Mirzo Ulug‘bek ko‘chasiga chiqish mumkin (tezlik cheklovi — 30 km/soat);
- Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidan Temur Malik ko‘chasi bo‘ylab Sultoniya ko‘chasiga harakatlanishga ruxsat etilgan (tezlik cheklovi — 30 km/soat).
Eslatib o‘tamiz, 12-mart kuni Temur Malik va Buyuk Ipak yo‘li chorrahasidagi yo‘l qismi o‘pirilib tushgandi. Bundan keyin hokimlik matbuot xizmati Temur Malik ko‘chasining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi bilan kesishmasidan Sultoniya ko‘chasi kesishmasigacha bo‘lgan qismi barcha avtotransport vositalari harakati uchun vaqtincha yopilganini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, Temur Malik ko‘chasi orqali qatnaydigan bir qator avtobus yo‘nalishlari ham vaqtincha o‘zgartirilgandi. Mas’ullar ko‘chalardagi tirbandlik va yo‘llardagi cheklovlar sabab yo‘nalishlarga qo‘shimcha o‘zgartirishlar ham kiritilishi mumkinligini bildirdi.