Avto

Fevralda avtomobil savdosi 6,4 foizga oshdi

Hududlar kesimida eng katta o‘sish Samarqand viloyatida qayd etildi
Chevrolet Cobalt
Foto: Chevrolet/ ChatGPT yordamida sayqallangan

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2026-yil fevral yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston avtomobil bozori tahlilini e’lon qildi. Hisobotga ko‘ra, mamlakatda avtomobil bozori o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 6,4 foizga o‘sdi.

Fevral oyida barcha turdagi avtotransport vositalari savdosi 84,2 ming donani tashkil etdi. Yanvarga nisbatan ham bozor ijobiy o‘sishni ko‘rsatib, savdo hajmi 2 foizga oshdi. Bu qariyb 1,6 ming dona qo‘shimcha savdo degani.

Hududlar kesimida eng katta o‘sish Samarqand viloyatida qayd etildi. Bu yerda savdo hajmi 65 foizga oshgan. Shuningdek, Sirdaryo viloyatida o‘sish 7,2 foizni, Toshkent viloyatida esa 12 foizni tashkil qildi.

Yangi avtomobillar segmentida ham ijobiy natijalar qayd etildi. Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi fevralda qariyb 24 ming donani tashkil qildi. Bu yanvar darajasiga yaqin bo‘ldi. Yillik hisobda esa o‘sish 10,7 foizni tashkil etdi. Xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi esa yanada tez o‘sib, o‘tgan yilning fevraliga nisbatan 1,5 barobar oshdi va qariyb 3 ming donaga yetdi.

Elektromobillar savdosi

Grafik: ITIM

Elektromobillar segmentida esa barqaror o‘sish davom etmoqda. Fevral oyida yengil elektromobillar savdosi 6,9 ming donani tashkil etdi. Bu yanvarga nisbatan 14 foizga ko‘p. Yillik hisobda esa elektromobil savdosi 1,5 barobar oshgan.

Tahlilga ko‘ra, elektromobil savdosining asosiy qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Fevral oyida poytaxtda taxminan 4,5 mingta elektromobil sotilgan. Bu esa umumiy elektromobil savdosining qariyb 65 foizini tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda ishlab chiqilgan qaysi avtomobillar chet elga sotilayotgani haqida ma’lumot bergandi. «O‘zavtosanoat» AJ «Kursiv»ga ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Chevrolet brendi ostidagi 43,3 mingta avtomobil xorijga eksport qilingan.