
Geely kompaniyasi Geely Monjaro krossoverining yangi boshlang‘ich komplektatsiyasini taqdim etdi. Luxury deb nomlangan ushbu versiya Rossiya bozorida sotuvga chiqarildi, deb yozmoqda Tarantas News nashri.
Yangi komplektatsiya standart jihozlar bilan ta’minlangan. Avtomobil 19 dyuymli yangi dizayndagi g‘ildirak disklari, uch zonali iqlim nazorati, haydovchi o‘rindig‘ining ventilyatsiyasi hamda sakkiz karnayli audio tizim bilan jihozlangan. Shuningdek, haydovchiga yordam beruvchi bir qator xavfsizlik tizimlari ham mavjud.
Krossoverda to‘liq LED faralar va panoramali tom saqlab qolingan. Salon qora ekoteri va zamsh bilan bezatilgan bo‘lib, ichki makonda atmosfera yoritgichi ham mavjud. Haydovchi o‘rindig‘i xotira funksiyasiga ega bo‘lib, elektr orqali bir necha yo‘nalishda sozlanadi.
Qulaylik uchun avtomobilga kalitsiz kirish tizimi, adaptiv kruiz-nazorat, 360 darajali kamera, uzoq yorug‘likni avtomatik boshqarish tizimi hamda simsiz quvvatlash funksiyasi o‘rnatilgan. Multimedia tizimi 12,3 dyuymli ekran bilan ta’minlangan bo‘lib, smartfonlar bilan integratsiyani qo‘llab-quvvatlaydi. Old yo‘lovchi uchun ham alohida 12,3 dyuymli sensorli displey mavjud.
Qishki paket doirasida old va orqa o‘rindiqlar, rul, yon oynalar, old oynasi hamda oyna yuvish purkagichlari isitish tizimi bilan jihozlangan.
Texnik jihatdan esa avtomobil o‘zgarmagan: kapot ostida 2 litrli turbo dvigatel o‘rnatilgan bo‘lib, u 238 ot kuchi ishlab chiqaradi. Dvigatel 8 pog‘onali avtomat uzatma qutisi bilan ishlaydi. Intellektual to‘liq yuritma tizimi momentni o‘qlar o‘rtasida 50:50 nisbatda taqsimlay oladi.
Haydovchilar uchun 7 xil haydash rejimi taklif etiladi: komfort, iqtisodiy, sport, intellektual, yo‘ldan tashqari, shuningdek qor va qum rejimlari.
Yangi komplektatsiyaning narxi taxminan $50 ming atrofida baholanmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Geely Monjaro 2025-yilda AWD segmentida yetakchiga aylangani haqida yozgandi.