Yangiliklar

IATA: 2025-yilda samolyot bortida 394 kishi halok bo‘ldi

2025-yil uchun parvoz xavfsizligi bo‘yicha yillik hisobot
IATA: 2025-yilda samolyot bortida 394 kishi halok bo‘ldi
Foto: IATA

Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) 2025-yil uchun parvoz xavfsizligi bo‘yicha yillik hisobotni e’lon qildi. Hisobotga ko‘ra, 2025-yilda samolyot bortida 394 kishi halok bo‘ldi.

2025-yilda aviatsion hodisalarning umumiy darajasi har bir million reysga 1,32 tani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yildagi 1,42 ga nisbatan yaxshilangan. Shu bilan birga, u so‘nggi besh yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan biroz yuqori bo‘lib qolmoqda.

Yil davomida dunyo bo‘ylab 38,7 mln reys amalga oshirilgan va 51 ta aviatsiya hodisasi qayd etilgan. Halokatli hodisalar soni sakkizta bo‘lgan. Ularda jami 394 kishi halok bo‘lgan.

IATA ma’lumotlariga ko‘ra, qurbonlar sonining ko‘payishi asosan ikki yirik aviatsiya halokati bilan bog‘liq. 2025-yildagi barcha qurbonlarning 77 foizidan ortig‘i Air India 171 va PSA Airlines 5342 reyslari bilan bog‘liq hodisalarga to‘g‘ri kelgan.

Hisobotga ko‘ra, 2025-yilda eng ko‘p uchragan hodisalar samolyot dum qismi yo‘lakka tegib ketishi, shassi bilan bog‘liq muammolar, uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketish va yerda samolyotlarning shikastlanishi bo‘lgan.

IATA bosh direktori Uilli Uolshning aytishicha, aviatsiya hali ham uzoq masofaga sayohat qilish uchun eng xavfsiz transport turlaridan biri hisoblanadi. Uning ta’kidlashicha, o‘n yil avval har 3,5 mln reysga bitta halokat to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 5,6 mln reysga bitta halokatni tashkil etadi.

Shu bilan birga, hisobotda yangi xavflar ham qayd etilgan. Ular qatoriga qurolli mojarolar sababli parvoz yo‘nalishlarining o‘zgarishi va sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimlariga aralashuv holatlarining ko‘payishi kiradi. IATA davlatlarni aviatsiya hodisalari bo‘yicha tergov natijalarini tezroq e’lon qilishga ham chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaqin Sharqdan evakuatsiya qilingan o‘zbekistonliklar 33 mingga yaqinlashgani haqida ma’lumot berilgandi. Xususan, 12-mart kuni Qatardagi O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida 49 nafar fuqaro BAA va Saudiya Arabistoniga yetkazildi. Shundan so‘ng ular Toshkentga uchib keldi. Hozir yana bir guruh fuqarolarni Doha orqali Dubaydan O‘zbekistonga qaytarish ishlari olib borilmoqda.