
iQOO kompaniyasi o‘z assortimentini yangi budjet qurilma — iQOO Z11x bilan kengaytirdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Smartfon katta sig‘imli batareyasi hamda yuqori darajadagi himoya standarti bilan ajralib turadi.
Qurilma 7200 mA/soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan bo‘lib, 44 Vt tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, model chang va suvdan himoya qiluvchi IP69 standarti bilan ta’minlangan.

Smartfon 6,76 dyuymli IPS displeyga ega bo‘lib, uning yangilanish tezligi 120 Gtsni tashkil etadi. Qurilma MediaTek Dimensity 7400 Turbo protsessori asosida ishlaydi va 6 yoki 8 GB operativ xotira hamda 128 yoki 256 GB ichki xotira variantlari bilan taklif etiladi.
Kameralar qismida asosiy modul 50 megapikselli bo‘lib, u Sony IMX852 sensori bilan jihozlangan. Bundan tashqari, 2 megapikselli chuqurlik sensori ham mavjud. Old kamera esa 32 megapikselli.
Qurilma Android 16 asosidagi OriginOS 6 tizimida ishlaydi. U 5G, Bluetooth 5.4 va USB-C portini qo‘llab-quvvatlaydi.
Yangi smartfon hozircha Hindiston bozorida oldindan buyurtma uchun taqdim etilgan. 6/128 GB xotirali versiyaning narxi taxminan $230 atrofida bo‘lib, model qora va yashil ranglarda sotuvga chiqariladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan iQOO Z11x smartfoni mart oyida taqdim etilishi haqida yozgandi.