
Kia kompaniyasi Niro elektromobilini ishlab chiqarishni to‘xtatdi. Bu haqda 2026-yil uchun yangilangan Kia Niro modeli taqdimoti vaqtida ma’lum qilindi, deb xabar berdi The Korea Herald.
Kompaniya vakillarining aytishicha, Niro EV ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan va qolgan avtomobillar sotilib bo‘lingach, model butunlay bozorni tark etadi. Bu qaror Kia’ning yangi elektromobil liniyasiga e’tiborni kuchaytirish strategiyasi bilan bog‘liq.

Kia hozir asosiy e’tiborni yangi EV3, EV4 va EV9 kabi maxsus elektromobillarga qaratmoqda. Kompaniya shu modellar orqali elektromobil bozorida raqobatni kuchaytirishni rejalashtirmoqda.
Shunga qaramay, arzon elektromobillar segmentida raqobat davom etmoqda. Masalan, Toyota 2026-yilda C-HR elektromobilini taqdim qildi. Subaru esa Uncharted nomli yangi elektromobil ustida ishlamoqda. Mitsubishi ham 2026-yil yozida yangi elektromobil modelini chiqarishni rejalashtirgan.

Kia vakillari Niro modeli kompaniyaning elektromobillar yo‘lidagi ilk qadamlaridan biri bo‘lganini ta’kidladi. U ekologik avtomobillarni keng ommaga tanitishda muhim rol o‘ynagan. Endi esa kompaniya yangi avlod elektromobillariga e’tibor qaratmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kia Sportage 2027 avtomobili qanday imkoniyatlar bilan chiqishi haqida ma’lumot berilgandi. Unga ko‘ra, model kompakt krossover segmentida faqat gibrid dvigatellar bilan taklif qilinadi. Kia yangi avlod Sportage uchun ikki xil elektrlashtirilgan tizimni taklif etadi.