O‘chirishga majburmiz — tarmoqdan uzilayotgan quvvatlash stansiyalari bo‘yicha izoh berildi

13-mart 2026 11:45 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
shell
Foto: shutterstock

Ayrim elektromobillarni quvvatlash stansiyalari ruxsatsiz o‘rnatilgani sababli ularni o‘chirish majburiy chora bo‘lmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar berdi «Kursiv» muxbiri.

Unga ko‘ra, shahar hududida zaryadlash stansiyasi o‘rnatish uchun yer auksion orqali olinishi kerak. Biroq ayrim stansiyalar davlat yoki shahar yerida ruxsatsiz joylashtirilgan va buning uchun to‘lov ham amalga oshirilmagan.

Ba’zi tadbirkorlar esa zaryadlash stansiyasini rasmiylashtirish uchun yaqin atrofdagi do‘kon yoki boshqa obyektning kadastr raqamidan foydalanib hujjat topshirgan. Natijada ma’lumotlarda nomuvofiqlik yuzaga kelgan va shahar budjetiga to‘lovlar kelmagan.

Shu sabab ayrim stansiyalar vaqtincha o‘chirilmoqda. Mutasaddi bu chorani majburiy deb atadi. Chunki elektr tarmoqlariga tushadigan yuklama ham muhim masala hisoblanadi.

Ayni paytda muammoni hal qilish uchun yangi choralar ishlab chiqilmoqda. Ruxsat berish jarayonini soddalashtirish, yer ajratish tartibini yangilash va byurokratik to‘siqlarni kamaytirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bu jarayonda xalqaro tajriba ham o‘rganilmoqda.

Bundan oldin Toshkent shahar hokimligi o‘tkazilgan tekshiruvlarda qoidabuzarliklar aniqlangani sabab 100 dan ortiq elektromobil quvvatlash shoxobchalari vaqtincha elektr tarmog‘idan uzgandi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu xatlov ishlari tarmoq faoliyatining to‘xtatilishini anglatmaydi. Aksincha, ular ulanishlarni tartibga solish va texnik xavfsizlikni ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Hozirda Toshkentda 20 kVt dan yuqori quvvatga ega bo‘lgan 1300 ta tezkor quvvatlantirish qurilmasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shuningdek