Yangiliklar

«Open budjet»ga berilgan ovozlar uchun pul to‘lanmaydi — vazirlik

Berilgan ovozlar uchun hech qanday to‘lov yoki moddiy rag‘batlantirish ko‘zda tutilmagan
Foto: Ochiq manbalardan olindi

Fuqarolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan norasmiy Telegram botlari orqali «Tashabbusli budjet» jarayonida ovoz berish evaziga pul mukofoti va’da qilinayotgani haqida ogohlantirildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda bunday takliflar ko‘payib, fuqarolar o‘rtasida turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, va’da qilingan mablag‘lar berilmayotgani bo‘yicha vazirlikka yuzlab murojaatlar kelib tushgan.

Qayd etilishicha, ayrim uchinchi shaxslar loyihalarga ko‘proq ovoz to‘plash maqsadida fuqarolarga pul yoki boshqa moddiy rag‘batlar va’da qilib, ovoz yig‘moqda. Biroq keyinchalik ushbu mukofotlar berilmayotgani holatlari aniqlangan.

Rasmiylarga ko‘ra, «Tashabbusli budjet» jarayonida ovoz berish faqat Ochiq budjet axborot portali, uning mobil ilovalari hamda Telegram’dagi rasmiy bot orqali amalga oshiriladi. Amaldagi tartibga ko‘ra, berilgan ovozlar uchun hech qanday to‘lov yoki moddiy rag‘batlantirish ko‘zda tutilmagan.

Vazirlik fuqarolarni shaxsiy ma’lumotlarini begona shaxslarga bermaslikka va firibgarlarning tuzog‘iga tushib qolmaslikka chaqirdi. «Tashabbusli budjet» jarayonida ovoz berish 20-mart kuni soat 23:59 ga qadar davom etadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xorazmning 5 tumanida «Open budjet»ga ovoz berish qayta tiklangani haqida yozgandi.