O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida yangi yuk havo yo‘li ishga tushirildi

O‘zbekiston hamda Pokiston o‘rtasida oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishga qaratilgan ilk charter yuk parvozi amalga oshirildi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
12-mart kuni Lahor shahridan uchgan Boeing 737 samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 21:10 da Toshkent xalqaro aeroportiga yetib keldi. Parvoz orqali mamlakatga 17 tonna go‘sht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari olib kelindi.

Mutasaddilarga ko‘ra, ushbu tashabbus ikki davlat o‘rtasida oziq-ovqat ta’minoti va logistika hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan. Loyiha doirasida kelgusida yuk tashish hajmini bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, keyinchalik bir reysda 100 tonnagacha yuk tashish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur parvoz Air Speed Charter tashabbusi bilan hamkor aviakompaniya — Air Eagle tomonidan amalga oshirildi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Yaqin Sharqdan evakuatsiya qilingan o‘zbekistonliklar 33 mingga yaqinlashgani haqida yozgandi.