
Prezident Xalq qabulxonalari faoliyatini samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni belgilab berdi. Bu haqda aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga ko‘tarish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, Prezident Administratsiyasiga hokimlar bilan birgalikda Xalq qabulxonalarida muammolar mohiyatini tushunadigan zamonaviy kadrlarni jamlash va murojaatlarni tizimli tahlil qilish bo‘yicha alohida nazorat guruhi faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Kommunikatsiyalar departamenti har oyda kelib tushgan murojaatlarni tahlil qilib, umumlashtiradi, natijalarni vazirlar va hokimlarga yetkazadi va ijrosini nazorat qiladi. Shuningdek, odamlar kayfiyatiga ta’sir qilayotgan masalalar bo‘yicha rahbarlar hisobotini eshitib boradi va eng muammoli masalalar bo‘yicha takliflarni Hukumatga kiritadi.

Hukumatda vazirlik va idoralarning rahbar xodimlaridan iborat Tezkor shtab tuzilib, ko‘tarilgan masalalar hudud va tarmoqlar kesimida joyiga chiqqan holda hal qilinadi. Xalq qabulxonalariga murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibini buzgan idoralarga majburiy ko‘rsatmalar berish vakolati beriladi.
Shuningdek, Kommunikatsiyalar departamentiga murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha davlat idoralari reytingini yo‘lga qo‘yish va har olti oyda e’lon qilib borish topshirildi. Bosh prokurorning komplayens bo‘yicha o‘rinbosari esa barcha topshiriqlar ijrosini qat’iy nazoratga oladi.

Murojaatlar bilan ishlashda «mahalla yettiligi»ning mas’uliyati oshiriladi. Prezident virtual qabulxonasida har bir mahalla uchun alohida kabinet ochiladi va uni yoshlar yetakchisi bilan mahalla raisi yuritadi. Ular kelayotgan murojaatlarning sabablarini o‘rganib, kunlik ma’lumotlarni hokimlarga taqdim qiladi. Shuningdek, mutasaddilarga «Raqamli mahalla» tizimini Prezident virtual qabulxonasiga to‘liq integratsiya qilish topshirildi.
Endilikda murojaatlarni asossiz ravishda quyi tizimlarga yuborgan tashkilot rahbarlariga keskin chora ko‘riladi, shuningdek murojaatlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun jazo ham kuchaytiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalq qabulxonalari faoliyatida yangi tizim joriy etilishi haqida yozgan edik.