
Yangi Pathfinder endi avvalgi ramali yo‘ltanlamas emas. Model Xitoy bozori uchun boshqa ruhda yaratilgan va ko‘proq qulay oilaviy krossoverga aylangan. Yangi model Rossiyada sinovdan o‘tkazildi.
Tashqi ko‘rinish o‘zgargan

2026-yilgi Nissan Pathfinder tashqi ko‘rinishda avvalgi avlodlardan ancha farq qiladi. Mashina endi klassik og‘ir yo‘ltanlamasdan ko‘ra zamonaviy yirik krossoverga o‘xshaydi. Old qismida LED optika, yirik kuzov va silliq chiziqlar bor. Ko‘rinishidan u Infiniti QX60 bilan yaqin qarindosh ekani seziladi.
Model uzunligi qariyb 5,1 metrni tashkil etadi. Shu sabab avtomobil tashqaridan ko‘ringanidan kattaroq. U uch qatorli salon bilan taklif qilinadi va yirik oilalar uchun mo‘ljallangani darrov bilinadi.
Salon qulaylikka urg‘u bergan

Ichkarida Pathfinder ko‘proq qulaylikka ishlaydi. Salon teri bilan qoplangan, old o‘rindiqlar elektr sozlanadi, iqlim tizimi uchun alohida fizik tugmalar saqlab qolingan. Bu esa ko‘plab yangi modellardan farqli ravishda foydalanishni osonlashtiradi.
Ikkinchi qatorda joy yetarli. Uchinchi qator esa ko‘proq bolalar yoki bo‘yi pastroq yo‘lovchilar uchun mos. Katta yoshli odam uchun u yer uncha qulay emas. Bagaj hajmi esa uchinchi qator buklanganda ancha katta bo‘ladi.

Mashinaning yana bir qulay tomoni elektr podnojka bilan jihozlangani. Bu salonga chiqish va tushishni yengillashtiradi. Biroq bu tizim bolalar uchun ehtiyotkorlik bilan ishlatilishi kerak.
Multimedia va jihozlar

Modelda raqamli panel va markaziy sensor ekran bor. Multimedia tizimi imkoniyatlari keng, lekin ayrim bo‘limlarda xitoycha yozuvlar saqlanib qolgan. Shu bois tizimni qayta moslash yoki dasturiy yangilash talab qilinishi mumkin.
Avtomobilda ko‘r nuqta nazorati, «parktronik»lar, panoramali tom, rul isitish, old o‘rindiqlar isitish va boshqa ko‘plab funksiyalar mavjud.
Dvigatel va yurish xarakteri
Testdagi Pathfinder 2,0 litrli turbo dvigatel bilan jihozlangan. U 252 ot kuchi beradi va 9 pog‘onali klassik avtomat uzatma bilan ishlaydi. To‘liq uzatma tizimi ham bor.
Dvigatel kundalik yurish uchun yetarli, ammo bunday katta kuzov uchun V6 motor ko‘proq mos tushadi. Pathfinder tez yurishdan ko‘ra xotirjam va ravon harakatni afzal ko‘radi.
Yo‘lda qanday
Yo‘lda mashina juda yumshoq yuradi. Notekis yo‘llarda ham osma qismi qulaylikni yaxshi saqlaydi. Shovqin izolyatsiyasi ham yomon emas. Salon ichida asosan shina shovqini eshitiladi, boshqa noqulay tovushlar kuchli sezilmaydi.
Pathfinder sport krossover emas. Shu sabab u uzoq safarlar, yomonroq yo‘llar va shahar tashqarisidagi harakat uchun mosroq ko‘rinadi.
Pastki qismi va texnik yechimlar

Avtomobilning orqa va old osma qismlar mustaqil tuzilmaga ega. To‘liq uzatma tizimi elektron boshqaruv bilan ishlaydi. Plastik bak, osma elementlar va elektr podnojka mexanizmi bor.
Biroq ayrim yechimlar tanqid qilindi. Xususan, ayrim simlar va pastki detallarning joylashuvi off-road uchun uncha qulay emas. Bu mashina og‘ir yo‘lsizlik uchun emasligi yana bir bor tasdiqlandi.
Umuman olganda, bu model tezlikni yoqtiradiganlar yoki haqiqiy og‘ir yo‘ltanlamas izlayotganlar uchun emas. U ko‘proq shinam salon, uch qator o‘rindiq va sokin harakatni qadrlaydigan xaridorlarga mos keladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangilangan Nissan Sylphy avtomobili taqdim etilgani haqida xabar berilgandi. Yangi versiya tashqi ko‘rinishida sezilarli o‘zgarishlar bor. Old optika mahalliy N6 va N7 modellari uslubida qayta ishlangan.