Toshkentda avtobus yo‘laklari to‘siqlar bilan ajratiladi

Toshkent shahrida jamoat transporti harakatini yaxshilash uchun avtobuslarga mo‘ljallangan «A» yo‘laklari maxsus to‘siqlar bilan ajratilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qildi.
Bu yo‘laklar deliniatorlar yordamida ajratiladi. Natijada boshqa avtomobillar avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklarga kirib ketolmaydi. Bu esa jamoat transportining tezroq va tartibli harakatlanishiga yordam beradi.
Markaz qaysi ko‘chalarda ushbu tizim joriy etilishi haqida batafsil ma’lumot yaqin kunlarda e’lon qilishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida jamoat transportidan foydalanish ulushi ikki baravar oshirilishi haqida xabar berilgandi. Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda poytaxtda jamoat transportidan foydalanish ulushi 30 – 35 foizni tashkil etmoqda. Metro esa shahar aholisining faqat 16 foizi uchun mavjud hududlarni qamrab olgan.