Yangiliklar

Toshkentda Gelikni 222 km/soat tezlikda haydagan ikki yigit qamaldi

15 sutkaga ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi
Foto: Videodan olindi

Toshkentda Mercedes‑Benz G‑Class avtomobilini juda yuqori tezlikda boshqargan ikki haydovchiga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshev ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, ikkita shaxs mart oyi boshida Fayziy ko‘chasida «Gelendvagen» rusumli avtomobilga noqonuniy ravishda maxsus yorug‘lik moslamasi — migalka o‘rnatib olgan. Ular transport vositasini ayrim holatlarda 210 km/soat, yana bir epizodda esa 222 km/soat tezlikda boshqarib, yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan.

Holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan profilaktik suhbat o‘tkazilib, qoidabuzarliklarning huquqiy oqibatlari tushuntirilgan. Keyinchalik materiallar sudga yuborilgan.

Chilonzor tumani sudi qaroriga ko‘ra, har ikki shaxs mayda bezorilik hamda ichki ishlar xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik holatlari bo‘yicha 15 sutkaga ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi.

Shuningdek, YHXB ushbu shaxslarning xatti-harakatlaridan zarar ko‘rgan fuqarolar bo‘lsa, yaqin atrofdagi ichki ishlar bo‘limiga yoki 102 raqamiga murojaat qilishlarini so‘radi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan YPX xodimini BYD avtomobilida urib ketgan shaxs 6 yilga qamalgani haqida yozgandi.