Aliment to‘lovchilar uchun xorijda ishlash imkoniyati yaratiladi

Xorijda ishlash istagida bo‘lgan aliment to‘lovchilar bilan uch tomonlama shartnoma tuzilib, til va kasbga o‘rgatilgan holda xorijdagi yuqori daromadli ishlarga yuboradi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligidagi aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini isloh qilishga masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda qayd etildi.
O‘tgan yili Qarshi shahridan Xalq qabulxonasiga 11 mingta murojaat kelib tushgan va ularning har biri tahlil qilingan. Shu jarayonda 255 nafar aliment to‘lovchining holati o‘rganilgan bo‘lib, 193 nafari kasb-hunari bor bo‘lsa ham ishsiz, 62 nafari esa daromadini kamaytirib ko‘rsatgani aniqlangan.
Mazkur masalani hal etish uchun hokimlik, banklar, hokim yordamchilari, shahar bandlik va Majburiy ijro byurosi bo‘limlari birgalikda ish olib boradi. Ular fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qiladi, ishsizlarni hududdagi sanoat va servis korxonalaridagi vakant ish o‘rinlariga joylashtiradi. Xorijda ishlash istagida bo‘lgan aliment to‘lovchilar bilan uch tomonlama shartnoma tuzilib, til va kasbga o‘rgatilib, yuqori daromadli ishlar bilan ta’minlanadi.

Shahar soliq inspeksiyasi esa Bosh prokuratura departamenti bilan birgalikda daromadini yashirib kelayotgan shaxslarni «soyadan» chiqaradi. Natijada, aliment to‘lovchilar qaramog‘idagi qariyb 700 nafar bolaning moddiy ta’minoti yaxshilanishi kutilmoqda.
Shuningdek, murojaatlarning 146 tasi oylik ish haqi kechikayotgani bilan bog‘liq. Hokimning birinchi o‘rinbosari korxonalarning moliyaviy holatini tahlil qilib, xomashyo, aylanma mablag‘, infratuzilma va bozor bilan bog‘liq masalalarni hokimning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosari va banklar bilan hal qiladi. Asossiz oylik to‘lamayotgan korxonalardan esa belgilangan tartibda majburiy undirish chorasi ko‘riladi.

Shaharda bugungi kunda 35 ming xonadonli 930 ta ko‘p qavatli uy mavjud bo‘lib, ularga 40 ta boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatmoqda. Ularning faoliyatiga nisbatan 111 ta shikoyat kelib tushgan. Hokimning qurilish bo‘yicha o‘rinbosari eng ko‘p murojaat kelgan Cho‘lquvar, Nuriston va Oydin mahallalariga borib, aholi va boshqaruv kompaniyalari bilan uchrashadi. Agar boshqaruv kompaniyalari moliyaviy qiyinchilikka duch kelsa, ularga aylanma mablag‘ topib beriladi.
Elektr, yo‘l, suv yoki kanalizatsiya bilan bog‘liq muammolar bo‘lsa, ular Islohotlar shtabiga berilib, investitsiya dasturiga qo‘shimcha kiritiladi. Shuningdek, Majburiy ijro byurosi bilan boshqaruv kompaniyalarining debitor qarzdorligini undirishga ko‘maklashiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalq qabulxonalari faoliyatida yangi tizim joriy etilishi haqida yozgan edik.