
Murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda hududlardagi muammolarni tizimli hal etish maqsadida Xalq qabulxonalari faoliyatida yangi tizim joriy qilinadi. Bu haqda prezident raisligidagi aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga ko‘tarish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yilda energetika, yo‘l va suv infratuzilmasi bilan bog‘liq murojaatlar soni 109 mingdan oshgani qayd etildi. Eng ko‘p murojaatlar Asaka, Shahrixon, Izboskan, Pastdarg‘om, Sho‘rchi, Denov, G‘uzor, Qamashi, Dehqonobod va Sharof Rashidov tumanlari hamda Samarqand, Namangan, Termiz, Qarshi va Andijon shaharlarida kuzatilgan.
Joriy yilda mazkur muammolarni hal etish uchun 20 trln so‘m ajratilgan. Ta’kidlanishicha, hokimlar ushbu mablag‘larni, avvalo, eng ko‘p shikoyat kelib tushayotgan mahallalarga yo‘naltirsa, aholining roziligi ortadi va murojaatlar soni ham kamayadi.
Mahalla aholisining turmushini yengillashtirishda «Tashabbusli budjet» dasturi muhim samara berayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, infratuzilma masalalari bo‘yicha 25 mingta ariza kelib tushgan 2 mingta mahalla hali biror marta «Tashabbusli budjet»da loyiha joylashtirmagani ma’lum qilindi. Mutasaddilar Xalq qabulxonalariga kelgan murojaatlarni tahlil qilib, ushbu mahallalarga loyiha tayyorlashda ko‘maklashadilar.

Shuningdek, ayrim vazirlik va idoralar murojaatlarga yuzaki javob berayotgani tanqid qilindi. Xususan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi murojaatlarning 64 foiziga, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi 61 foiziga, Transport vazirligi esa 58 foiziga amaliy yechim berish o‘rniga yuzaki javob bilan cheklangan. Bunday holatlar boshqa vazirliklarda ham uchrashi aytildi.
Xalq qabulxonalari yangi tashkil etilgan davrda murojaatlarning 90 – 95 foizi shikoyat shaklida bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 60 – 65 foizgacha kamaygan. Qayd etilishicha, fuqarolar endilikda shaxsiy muammolardan ko‘ra, o‘z mahallasidagi sharoitni yaxshilash bo‘yicha takliflar bildirishga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.
Bundan tashqari, muammosi hal bo‘lmagan fuqarolar rahbarlar qabulini tashkil etib berishni so‘rab murojaat qilayotgani ham ta’kidlandi. Davlat rahbari endilikda bu tizim o‘zgarishini bildirib, hokimlar faqat arizada ko‘tarilgan masalani hal qilish bilan cheklanmasdan, muammoning kelib chiqish sabablarini ham o‘rganib ishlashi zarurligini qayd etdi.
Shu munosabat bilan sohada yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Unga ko‘ra, Xalq qabulxonalari endilikda nafaqat arizalarni qabul qiluvchi organ, balki hududlardagi muammolarni aniqlab, tahlil qiladigan diagnostika markazi sifatida faoliyat yuritadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifatidan norozilik ko‘payganini qayd etgan edi.