
Xiaomi kompaniyasi yangi smart soatlari — Xiaomi Watch S5’ni ilk bor rasman namoyish etdi. Bu haqda ITHome nashri ma’lum qildi.
Qurilma taqdimoti mart oyida bo‘lib o‘tadi. Ishlab chiqaruvchi soatni keng funksiyali, katta batareyaga ega sport soati sifatida ta’riflamoqda.


Modelning tashqi ko‘rinishidagi asosiy yangilik — yangilangan integratsiyalashgan bezel dizayni, bu esa korpusni avvalgi modellarga nisbatan nozik va nafis ko‘rsatadi. Korpus 316L markali mustahkam, korroziyaga chidamli zanglamaydigan po‘latdan ishlab chiqariladi.


Texnik jihatdan soat sog‘liq ko‘rsatkichlarini maksimal aniqlik bilan monitoring qilish uchun yangilangan sensorlar bilan jihozlangan. Qurilmadan shuningdek, Xiaomi smart uy tizimi va avtomobillarini boshqarish uchun ham foydalanish mumkin. Soatning avtonom ishlash muddati 21 kunni tashkil etadi.


Ma’lumot uchun, Xiaomi Watch S4 1,43 dyuymli AMOLED ekran bilan 2024-yil oktyabr oyida sotuvga chiqarilgan edi. Hozirda ularning narxi Xitoyda asosiy versiyasi $145, eSIM qo‘llab-quvvatlovchi versiyasi esa $175 atrofida. Yangi Watch S5 modeli narxi taxminan shu diapazonda bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xiaomi bolalar joylashuvini kuzatish imkonini beruvchi smart soat taqdim etgan edi.