Gadjetlar

Xiaomi yangi Mijia 10 kilogrammlik kir yuvish mashinasini taqdim etdi

Qurilmaning boshlang‘ich narxi taxminan $165 ni tashkil etadi
Foto: JD.com

Xiaomi kompaniyasi Mijia brendi ostida yangi kir yuvish mashinasi — Mijia 10kg Front-Load modelini taqdim etdi. Qurilma arzon narxi, katta sig‘imi va aqlli boshqaruv funksiyalari bilan ajralib turadi. Bu haqda JD nashri xabar berdi.

Yangi model 10 kilogrammgacha kir sig‘dira oladigan barabanga ega. Qurilmaning kengligi 516 mm bo‘lib, bu uni standart mebel bo‘limlariga oson joylashtirish imkonini beradi. Baraban diametri 525 mmni tashkil etadi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, kir yuvish samaradorligini oshirish uchun qurilmada 3D suv taqsimlash tizimi qo‘llanilgan.

Foto: JD.com

Kir yuvish mashinasida 24 ta yuvish dasturi hamda 35 ta dog‘ni tozalash rejimi mavjud. Shuningdek, vibratsiya va shovqinni kamaytirish tizimi o‘rnatilgan. Eshik qismidagi rezina qistirma esa antibakterial qoplama bilan ta’minlangan bo‘lib, bakteriyalarni 99,9 foizgacha kamaytirishi aytilmoqda.

Qurilma HyperOS Connect tizimini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu sababli kir yuvish mashinasini Mijia mobil ilovasi orqali yoki XiaoAI ovozli yordamchisi yordamida boshqarish mumkin. Shuningdek, u aqlli uy tizimiga integratsiya qilinib, avtomatik OTA yangilanishlarini ham qabul qiladi.

Yangi model hozircha Xitoy bozorida taqdim etilgan. Qurilmaning boshlang‘ich narxi 1199 yuan, ya’ni taxminan $165 ni tashkil etadi. Oldindan buyurtmalar allaqachon ochilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi yangi SU7 elektromobilini chiqarishga tayyorlanayotgani haqida yozgandi.