
Toshkent shahri Yangihayot tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi kichik inspektoriga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, inspektor mahalliy MChJ rahbaridan $1,5 ming olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. U o‘z hamkasblari orqali MChJ tomonidan tuman hududida faoliyat yurituvchi korxona uchun o‘rnatilgan yong‘in xavfsizligi jihozlarini qabul qilish bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirib berish evaziga pul talab qilgan.
Holat yuzasidan unga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi hamda 28 va 211-moddalari 1-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyatida kadastr xodimi pora bilan qo‘lga tushgan edi.