Yaqin Sharqdan evakuatsiya qilingan o‘zbekistonliklar 33 mingga yaqinlashdi

Yaqin Sharq mamlakatlarida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish ishlari davom etmoqda. Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibiga ko‘ra, 13-mart soat 07:00 holatiga 32,9 ming nafar o‘zbekistonlik evakuatsiya qilindi.
Diplomatik vakolatxonalar tegishli idoralar bilan hamkorlikda evakuatsiya jarayonini tashkil qilmoqda. Xususan, 12-mart kuni Qatardagi O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida 49 nafar fuqaro BAA va Saudiya Arabistoniga yetkazildi. Shundan so‘ng ular Toshkentga uchib keldi. Hozir yana bir guruh fuqarolarni Doha orqali Dubaydan O‘zbekistonga qaytarish ishlari olib borilmoqda.
BAAdagi diplomatik vakolatxonalar yordamida 147 nafar fuqaro Toshkentga yetib keldi. Erondagi elchixona esa 5 nafar vatandoshning qo‘shni davlatlar orqali chiqib ketishini tashkil qildi. Isroildagi diplomatlar ham 4 nafar fuqaroning Misr orqali qaytishiga yordam berdi.
Saudiya Arabistonida esa elchixona, Jidda shahridagi bosh konsulxona va Transport vazirligi hamkorligida charter reyslari orqali 2,7 ming nafar fuqaro qaytarildi. Ma’lum qilinishicha, ushbu mamlakatda evakuatsiya tadbirlari yakunlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yaqin Sharqdagi oʻzbekistonliklar uchun maxsus Telegram bot ishga tushirilgani haqida xabar bergan edi.