Yunusobodda qurilayotgan turarjoy binosida yong‘in yuz berdi

13-mart kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi yangi qurilayotgan binoning ikkinchi qavatida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulotda vaziyatlar vazirligi xabar bermoqda.

Yuqori Qoraqamish ko‘chasida joylashgan obyektda chiqqan yong‘in to‘g‘risidagi xabar soat 11:08 da kelib tushgan. Qutqaruv ekipajlari aytilgan manzilga qisqa vaqt ichida, soat 11:09 da yetib borgan. Yong‘in mutaxassislar tomonidan soat 11:16 da qurshab olinib, 11:19 da batamom o‘chirilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in natijasida qurbonlar va tan jarohati olganlar yo‘q. Voqea joyida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida binoning ikkinchi qavatida faqatgina qurilish materiallari yonib zararlangani aniqlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozog‘istondagi kafe yong‘inida qurbon bo‘lganlar soni 11 kishiga yetgani haqida xabar bergan edi.