Gadjetlar

Huawei Pura X2 bukiladigan smartfonini taqdim etishga tayyorlanmoda

Joriy yilning birinchi choragida taqdim etilishi mumkinl
Huawei Pura X2 bukiladigan smartfonini taqdim etishga tayyorlanmoda / Foto: Huawei

Huawei kompaniyasi yangi bukiladigan smartfon – Huawei Pura X2 modelini taqdim etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda Weibo insayderi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, qurilma katta gorizontal yo‘naltirilgan ekran va sifatli kamera tizimi bilan ajralib turadigan bukiladigan smartfonlardan biri bo‘lishi mumkin.

Yangi smartfon noodatiy tomonlar nisbatiga ega yirik displey bilan ta’minlanadi. Bu xususiyat uni bozordagi ko‘plab bukiladigan smartfonlardan farqlashi kutilmoqda. Hozircha qurilmaning boshqa texnik xususiyatlari oshkor qilinmagan.

Avvalroq Huawei Pura X2 joriy yilning birinchi choragida taqdim etilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Ice Universe tomonidan e’lon qilingan tasvirga ko‘ra, qurilma tashqi ekrani atrofida keng ramkaga ega bo‘lishi, shuningdek, asosiy kamera to‘rtta tasvir sensori bilan jihozlanishi mumkin.

Foto: Huawei

Ma’lumot uchun, hozirgi Huawei Pura X modeli 6,3 dyuymli, 16:10 tomonlar nisbatiga ega displey bilan ta’minlangan. Ushbu model uchta asosiy kamera hamda 4720 mA/soat sig‘imli akkumulyatorga ega.

Kutilishicha, Huawei Pura X2 flagman Mate 80 smartfonlarida qo‘llanilgan Kirin 9030 protsessori bilan ishlaydi. Birinchi avlod Huawei Pura X modeli esa Kirin 9020 chipsetiga asoslangan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Huawei Band 11 Pro qanday texnik xususiyatlarga egaligi haqida yozgan edik.