Jizzax va Qoraqalpog‘istonda hokimiyat vakillari pora bilan ushlandi

Jizzax va Qoraqalpog‘istonda hokimiyat vakillarining pora bilan bog‘liq noqonuniy harakatlari aniqlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Jizzax viloyatining Zarbdor tumani hokimligi bosh mutaxassisi pora bilan ushlanadi. U o‘z xizmat mavqeyini suiiste’mol qilib, 1983-yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadoniga tutash 4 sotix yer maydonini kadastr tizimidagi tanishlari orqali auksion savdosida yutib, uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 20 mln so‘m olgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa Xo‘jayli tumani hokimligi bosh mutaxassisi hamda tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi mahalliy fermer xo‘jalik rahbari bilan til biriktirib, 41,6 gektar yer maydonini davlat zaxirasiga qaytarmay, auksionga chiqarmasdan xorazmlik tadbirkor nomiga rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan. Buning evaziga $3 ming olgan vaqtlarida qo‘lga olingan.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi asosida jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyatida kadastr xodimi pora bilan qo‘lga tushgan edi.