Pokiston kompaniyasi O‘zbekistonda poyabzal ishlab chiqarishi mumkin

eʼlon qilindi
Bolalar va sportchilar uchun mo‘ljallangan
Pokiston kompaniyasi O‘zbekistonda poyabzal ishlab chiqarishi mumkin / Foto: «Dunyo» AA

Pokistonning «Hawk Fire Industries» kompaniyasi O‘zbekistonda charm sanoati va poyabzal ishlab chiqarish yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.

Pokistonning Lahor shahrida amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi «Hawk Fire Industries» kompaniyasi rahbari Kashif Raza bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda, shuningdek, O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev ham ishtirok etdi.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish hamda Toshkent viloyatida charmni qayta ishlash bo‘yicha investitsiyaviy loyihalarni muhokama qildilar. Pokiston tomoniga O‘zbekistonda terini qayta ishlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va Toshkent viloyatidagi maxsus sanoat zonasining imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.

«Hawk Fire Industries» kompaniyasi 30 yildan buyon faoliyat yuritadi va terini qayta ishlashdan tortib tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan quvvatlarga ega. Kompaniya bolalar poyabzallari, ayollar va erkaklar uchun sumkalar hamda sport anjomlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan.

Kompaniya O‘zbekistonda qo‘shma loyihani amalga oshirish va «UzCharmExpo» ko‘rgazmasida ishtirok etish maqsadida aprel oyida biznes-missiya bilan tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Kelgusida bolalar va sportchilar uchun poyabzallar, shuningdek bokschilar uchun charm qo‘lqoplar ishlab chiqarilib, ularni Yevropa bozorlariga, xususan Germaniyaga eksport qilish rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va ispan kompaniyasi hamkorlikda pishloq mahsulotlari ishlab chiqarishi haqida yozgan edik.

Shuningdek