
Ijtimoiy tarmoqlarda «SSSRning so‘nggi fuqarosi Samarqandda yashamoqda» sarlavhasi bilan tarqalgan xabar yuzasidan Adliya vazirligi izoh berdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 1972-yil 21-dekabrda Nurota tumanida tug‘ilgan Kubayeva Onarxol Xoldorovna Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidagi Quvkalla mahallasida istiqomat qiladi. U 1992-yilda Payariq tumani Nakurt mahallasiga kelin bo‘lib tushgan.
Aniqlanishicha, fuqaro uzoq vaqt davomida e’tiborsizlik hamda oilaviy sharoitlarning yetarli darajada bo‘lmagani sababli sobiq ittifoq – SSSR pasporti bilan yashab kelgan.
Samarqand viloyati adliya boshqarmasi tomonidan o‘rganish davomida ma’lum bo‘lishicha, Kubayeva mazkur masala bo‘yicha ilgari mahalla fuqarolar yig‘ini, ichki ishlar organlari yoki FHDY bo‘limlariga murojaat qilmagan. Shu sababli uning sobiq ittifoq pasporti O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportiga almashtirilmagan.
Holat yuzasidan Qo‘shrabot va Payariq tumani adliya bo‘limlari hamda Payariq tumani IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi hamkorlikda zarur choralarni ko‘rdi.
Natijada 2026-yil 14-mart kuni fuqaroga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining ID-kartasi rasmiylashtirib berildi.

Adliya vazirligi fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, jumladan, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq masalalarda amaliy yordam ko‘rsatish ishlari davom ettirilishini ma’lum qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yaqin Sharq davlatlaridan O‘zbekistonga qaytarilgan fuqarolar haqida yozgan edi. 2026-yil 13-mart holatiga ko‘ra, ularning soni 30 mingdan oshdi.