Avto

BYD Denza N9 va N8L elektromobil rejimida 40 foiz uzoqroq yuradi

Yangi batareya o‘rnatilishi tufayli
BYD Denza N9
BYD Denza N9 / Foto: MIIT

BYD kompaniyasi Denza N9 va Denza N8L gibrid krossoverlarini yangilamoqda. CarNewsChina’ga ko‘ra, yangi batareya o‘rnatilishi tufayli avtomobillarning elektromobil rejimidagi yurish masofasi 40 foizga oshadi.

Yangilangan modellar 75,3 kVt soat sig‘imli yangi LFP turidagi batareya bilan jihozlanadi. Batareya BYD’ning FinDreams kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ikkinchi avlod Blade texnologiyasiga asoslangan.

Oldingi versiyada Denza N9 modelida 46,9 kVt soatli batareya ishlatilgan edi. Denza N8L esa 46,99 kVt soatli batareya bilan taklif qilingan. Yangi batareya tufayli Denza N9 bir zaryad bilan 315 km, Denza N8L esa 320 kmgacha yurishi mumkin.

Denza N8L
Denza N8L / Foto: MIIT

Biroq yangi batareya ancha og‘ir bo‘lib, uning vazni 550 kg ni tashkil etadi. Shu sabab avtomobillarning umumiy og‘irligi ham oshgan. Masalan, Denza N9 ning vazni 3 280 kg ga yetadi.

Denza N9 5258 mm uzunlikdagi yirik krossover hisoblanadi. U 2 litrli benzin dvigateli va uchta elektromotor bilan jihozlangan bo‘lib, umumiy quvvati 912 ot kuchini tashkil etadi.

Denza N8L biroz kichikroq model bo‘lib, unda ham 2 litrli dvigatel mavjud. Uchta elektromotor bilan uning umumiy quvvati 750 ot kuchiga yetadi.

BYD ushbu yangilanish orqali premium gibrid krossoverlar segmentida raqobatni kuchaytirishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BYD Formula 1 musobaqalariga qo‘shilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya Ferrari va McLaren kabi mashhur jamoalar bilan raqobat qilish uchun F1’ga kirishni muhokama etmoqda. BYD bu orqali o‘z brendining global tanilishini oshirishni va xalqaro bozordagi savdolarini kengaytirishni maqsad qilgan.