
Xitoyda Geely Galaxy M7 plug-in gibrid krossoveri rasman namoyish etildi. Autohome yozishicha, model bir zaryad bilan 225 km elektr rejimida yurishi va umumiy hisobda 1 730 km masofani bosib o‘tishi bilan ajralib turadi.
Galaxy M7 1,5 litrli benzin dvigateli va elektromotor kombinatsiyasidan iborat gibrid tizim bilan jihozlangan. Benzin dvigatelining quvvati 82 kVtni tashkil etadi. Avtomobil 29,8 kVt/soat sig‘imli litiy-temir-fosfat batareya bilan ishlaydi.

To‘liq zaryadlangan batareya bilan avtomobil 225 km masofani elektr rejimida bosib o‘tadi. Yonilg‘i va elektr quvvati birgalikda ishlaganda umumiy yurish masofasi 1 730 km ga yetadi.
Krossoverda yangi avlod Aegis Golden Brick batareya tizimi qo‘llangan. Unda tez zaryadlash va samarali issiqlik boshqaruvi tizimi mavjud. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yangi gibrid tizim yonilg‘i sarfini 15 foizga kamaytirishga yordam beradi.
Avtomobil uzunligi 4 770 mm, eni 1 905 mm, balandligi 1 685 mm. G‘ildirak bazasi esa 2 785 mmni tashkil etadi. Salonida katta sensor ekran, raqamli panel, Flyme Auto multimedia tizimi, 256 rangli ambient yoritish, 23 ta karnayli audio tizim va 50 vattli simsiz zaryadlash mavjud.

Geely Galaxy M7 oilaviy gibrid krossoverlar segmentida raqobatlashadi. Uning asosiy raqiblari qatoriga BYD Song Pro DM-i va Song PLUS DM-i modellari kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Geely Monjaro’ning yangi arzonroq versiyasi chiqqani haqida xabar berilgandi. Avtomobil 19 dyuymli yangi dizayndagi g‘ildirak disklari, uch zonali iqlim nazorati, haydovchi o‘rindig‘ining ventilyatsiyasi hamda sakkiz karnayli audio tizim bilan jihozlangan.