
«Qo‘qonlik tabib» nomi bilan tanilgan Iqbol Soliyev Ozarbayjonda ushlangani haqidagi xabarlarni rad etdi. U bu haqda o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Soliyevning aytishicha, Ozarbayjonda bo‘lgan vaqtida hech qanday muammo yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan bog‘liq holat yuz bermagan. Soliyev hozir O‘zbekistonda, o‘z uyida ekanini ham aytdi.
Iqbol Soliyev agar u qonunni buzganida, tegishli idoralar tomonidan javobgarlikka tortilgan bo‘lishini ta’kidladi. U noto‘g‘ri ma’lumot tarqatganlarga nisbatan tegishli tashkilotlarga murojaat qilishini ham bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, u avval BI-ES VIP klinikasida shifokorlik xizmatlarini o‘z uslubida ko‘rsatib, bemorlar uchun qabul tashkil qilgan. Qabulga kelgan bemorlar sonining ortishi sabab, klinikada katta navbatlar yuzaga kelgan edi. 11-mart kuni Ozarbayjon matbuoti uning qo‘lga olingani haqida xabar bergan.