
Toshkent shahriga 300 ta Switchblade rusumidagi uchar taksilar olib kelinishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanalida ma’lum qilindi.
Loyihaga ko‘ra, ushbu transport vositalari oddiy avtomobil kabi yo‘lda harakatlanadi va zarur paytda qanotlarini ochib havoga ko‘tariladi.
Rejaga ko‘ra, uchar taksilar 2028 – 2030-yillar oralig‘ida poytaxtga olib kelinadi. Loyiha Air Toshkent va Samson Sky kompaniyalari o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Mutaxassislarning aytishicha, bunday transport vositalari yirik shaharlarda tirbandlikni kamaytirishga yordam beradi. Shuningdek, hududlar o‘rtasidagi qatnov vaqtini ham ancha qisqartirishi mumkin.
Uchar taksilar uch turdagi dvigatel bilan ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Ular benzinli, elektr hamda quyosh paneli yordamida harakatlanadigan variantlarda bo‘ladi. Bunday transport vositalari 800 km gacha ucha oladi. Masalan, Toshkentdan uchgan uchar taksi taxminan 3-4 soat ichida Urganchga yetib borishi mumkin. Transport vositasining sig‘imi 3 kishidan 7 kishigacha bo‘ladi.
Uchar taksi havoga ko‘tarilishi uchun taxminan 3 daqiqa vaqt kerak bo‘ladi. Buning uchun kamida 130 metr uzunlikdagi maydon yetarli hisoblanadi.
Transport vositasida sovitish tizimi, navigatsiya tizimi va avtopilot funksiyasi mavjud bo‘ladi. Avtopilot tizimi orqali u haydovchisiz ham uchishi mumkin, biroq xavfsizlik sababli boshqaruv pultida operator bo‘lishi kerak.
Mutaxassislar fikricha, bunday loyiha Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib Toshkentda joriy etilishi mumkin. Bu esa mamlakatda yangi texnologiyalarni rivojlantirish, servis markazlarini yaratish va yangi ish o‘rinlarini ochishga xizmat qiladi.
Hozir loyiha doirasida ayrim mutaxassislar Samson Sky kompaniyasida malaka oshirib, keyinchalik O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BYD taksi bozori uchun yana bitta elektromobilini namoyish qilgandi. CarNewsChina’ga ko‘ra, model kompaniyaning yangi flash charging tezkor zaryadlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.
