
Xiaomi kompaniyasi HyperOS 3.1 tizimining barqaror versiyasini taqdim etdi. Huawei Central ma’lumotiga ko‘ra, yangilanish hozircha Xitoy bozorida Xiaomi 17 seriyasi, Redmi K90 liniyasi smartfonlari hamda ayrim planshetlarga yetib bormoqda.
Yangilanish bilan birga ayrim xatolar ham aniqlangan. Masalan, Album ilovasini yangilash paketining noto‘g‘ri hajmi bilan bog‘liq muammo allaqachon bartaraf etilgan.
Hozir ishlab chiquvchilar boshqa nosozliklarni ham tuzatish ustida ishlamoqda. Ular qatoriga ovoz balandligi tugmasini uzoq bosganda paydo bo‘ladigan vibratsiya, Album ilovasining kutilmaganda yopilib qolishi hamda QQ va WeChat vidjetlarining so‘nggi ilovalar menyusida doimiy ko‘rinib qolishi kiradi.
Bundan tashqari, ayrim foydalanuvchilar suratlarni ko‘rishda muammolar borligini bildirgan. Ba’zi hollarda rasm gorizontal holatda xira ko‘rinadi yoki suratlar orasida o‘tishda interfeys notekis ishlaydi.
Shuningdek, qorong‘i rejimdagi xatolar, albomning kulrang ko‘rinishi, qora ro‘yxatdagi raqamlardan kelgan SMSlarni bloklash ishlamasligi va minimalist rejimdan chiqqach bosh sahifa elementlari joyidan siljishi kabi muammolar ham qayd etilgan.
Xiaomi ushbu kamchiliklar keyingi tizim yangilanishlarida bosqichma-bosqich tuzatilishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kompaniya smartfonlar narxi oshishini ma’lum qilgandi. Gizmochina’ga ko‘ra, bunga xotira mikrosxemalari narxining ko‘tarilishi va ayrim komponentlar tanqisligi sabab bo‘layotgani aytilmoqda.