
Xitoyda yangilangan Zeekr 009 elektromobil miniveni savdoga chiqarish uchun ruxsat oldi. CarNewsChina’ga ko‘ra, avtomobilning maksimal quvvati 680 kVt yoki 912 ot kuchiga yetadi. Model 2026-yil aprel oxirida bo‘lib o‘tadigan Pekin avtosalonida rasman taqdim etilishi mumkin.
Zeekr 009 Geely kompaniyasiga qarashli premium elektromobil miniveni. Model ilk bor 2023-yilda taqdim etilgan. Avvalgi versiya ikki elektromotorli to‘liq g‘ildirakdan tortish tizimi bilan 536 ot kuchi quvvat taklif qilgan.
2024-yilda model yangilanib, 800 voltli tizimga o‘tkazilgan edi. Endi esa yangi versiya 900 voltli yuqori kuchlanishli tizim bilan taqdim etilmoqda. Bu texnologiya elektromotorlarga ko‘proq quvvat berishga yordam beradi.
Yangilangan modelda old elektromotor 416 ot kuchi, orqa elektromotor esa 496 ot kuchi ishlab chiqaradi. Natijada avtomobilning umumiy quvvati 912 ot kuchiga yetadi.

Avtomobil tashqi ko‘rinishi deyarli o‘zgarmagan. Unda katta xrom panjara, tom qismida LiDAR sensori va elektr bilan ochiladigan orqa eshiklar mavjud. Modelning uzunligi 5217 mm, g‘ildirak bazasi esa 3205 mmni tashkil etadi.
Salon ikki xil variantda taklif qilinadi. Birinchisi 6 o‘rinli, ikkinchisi esa 7 o‘rinli konfiguratsiya. Avtomobil 19 yoki 20 dyuymli g‘ildiraklar bilan jihozlanadi.
Yangilangan Zeekr 009 ning maksimal tezligi 220 km/soatni tashkil etadi. 900 voltli tizim tufayli avtomobil akkumulyatori juda tez zaryadlanadi. Batareya 10 foizdan 80 foizgacha atigi 7 daqiqada zaryadlanishi mumkin.
Hozirgi Zeekr 009 modeli Xitoyda 439 mingdan 899 ming yuangacha, ya’ni taxminan $63,6 mingdan $130,3 minggacha narxda sotilmoqda. Model Tailand, Malayziya, Singapur va Gonkong kabi bozorlarda ham sotilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zeekr avtomobilini 7 daqiqada zaryadlash imkoniyati yaratilgani haqida xabar berilgandi. Xitoyning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi Geely o‘zining ultratez elektromobil zaryadlash stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirmoqda.
Loyiha kompaniyaning premium elektromobil brendi Zeekr orqali amalga oshirilmoqda va bu yechim BYD’ning shunga o‘xshash texnologiyalariga javob sifatida ko‘rilmoqda.