Ahror Burxonov O‘zbekistonning Vashingtondagi Bosh konsuli bo‘ldi

Ahror Burxonov O‘zbekistonning Vashington shtati (AQSH)dagi bosh konsuli etib tayinlandi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
«O‘tgan yillar men uchun nihoyatda mazmunli va serqirra bo‘ldi. Birgalikda ilgari surilgan tashabbuslar, amalga oshirilgan loyihalar, ustozlardan olingan saboq va tajribalar, hamkasblar bilan yelkama-yelka olib borilgan ishlar hamda turli darajadagi uchrashuv va tadbirlar bu davrni unutilmas va qadrli xotiralarga boy qildi», – deydi u.
Burxonov bunga qadar O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi sifatida ishlab kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Muzaffar Kamilov 16-martdan boshlab Prezident administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining rahbari lavozimida ish boshlashi ma’lum qilingandi.
Shu munosabat bilan u ilgari egallab kelgan prezidentning vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchi o‘rinbosari lavozimidan ozod qilindi. Ushbu lavozimni u 2025-yil 31-iyulidan beri bajarib kelgan.