«Anorbank» 50 mlrd so‘mlik korporativ obligatsiyalar chiqaradi

«Anorbank» kuzatuv kengashi bankning 50 mlrd so‘mlik korporativ obligatsiyalarini chiqarish bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portalida ma’lum qilindi.
Rejaga ko‘ra, bank umumiy qiymati 50 milliard so‘m bo‘lgan obligatsiyalarni muomalaga chiqaradi. Ularning umumiy soni 500 ming dona bo‘lib, har bir obligatsiyaning nominal qiymati 100 ming so‘mni tashkil etadi.
Obligatsiyalar bo‘yicha yillik 22 foiz kupon daromadi belgilangan. Investorlar uchun foiz to‘lovlari har 90 kunda amalga oshiriladi. Qimmatli qog‘ozlarning muomala muddati esa 1080 kun deb belgilangan.
Obligatsiyalar ochiq obuna shaklida joylashtiriladi. Emissiya jarayonining anderrayteri sifatida Leader Finance Capital kompaniyasi ishtirok etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Contact Finance korporativ obligatsiyalar orqali 10 mlrd so‘m jalb qilayotgani haqida yozgandi.