Avto

Chery Fulwin A9 sedani qachon sotuvga chiqadi

Model 2026-yilning ikkinchi choragida bozorga chiqadi
Chery Fulwin A9 sedani lidar va avtopilot bilan chiqadi
Foto: Autohome

Xitoyda Chery kompaniyasining yangi Fulwin A9 sedani ishlab chiqarish va sotuvga chiqarish uchun ruxsat oldi. Autohome yozishicha, model 2026-yilning ikkinchi choragida bozorga chiqishi kutilmoqda.

Avtomobil ilgari 2025-yilda Guanchjou avtosalonida namoyish etilgan edi. Endi esa Xitoy sanoat vazirligi bazasida paydo bo‘lgani model ishlab chiqarishga tayyor ekanini ko‘rsatadi.

Fulwin A9 minimalistik dizaynga ega. Old qismida ingichka faralar va tom qismida lidar sensori joylashgan. Avtomobil uzunligi 4836 mm, eni 1896 mm, balandligi 1489 mm. G‘ildirak bazasi esa 2900 mmni tashkil etadi.

Salon ham sodda uslubda yaratilgan. Unda 23 ta karnayga ega va 1080 vatt quvvatli audio tizim o‘rnatilgan. Multimedia tizimi Snapdragon 8678 platformasi asosida ishlaydi.

Foto: Autohome

Model Falcon Assist Driving deb nomlangan avtonom boshqaruv tizimi bilan jihozlanadi. Lidar sensori yordamida avtomobil shahar va avtomagistral sharoitida avtopilot funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Avtomobil 242 ot kuchiga ega bitta elektromotor bilan taklif qilinadi. Unda litiy-temir-fosfat turidagi batareya ishlatiladi. Keyinchalik yurish masofasini oshiruvchi qo‘shimcha tizimli versiya ham chiqarilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Cobalt’dan arzon Chery QQ3 EV uchun buyurtmalar boshlangani haqida xabar berilgandi. Model Xitoy bozorida taxminan $10 mingdan sotuvga chiqmoqda.

Avtomobil ikki xil yurish zaxirasi bilan taklif etiladi. 310 km masofaga mo‘ljallangan Love Edition versiyasi 68,9 ming yuan ($10 ming) turadi. Share Edition esa 78,9 ming yuan ($11,4 ming)ga baholangan.