Avto

Ishlatilgan shinalarni sotib olish kerakmi

Kursiv Uzbekistan avtomobilingiz uchun foydalanilgan shina olishda nimalarga e’tibor qaratish kerakligini keltirib o‘tadi
Foto: Freepik

Ko‘plab haydovchilar yangi shinalar qimmat bo‘lgani sababli avtomobili uchun ishlatilgan shinalar sotib olishni tanlaydi. Bunday takliflarni internet e’lonlarida ko‘p uchratish mumkin. Biroq bunday xarid qilishdan oldin xavfsizlik masalasini ham jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak.

Kursiv Uzbekistan avtomobilingiz uchun foydalanilgan shina olishda nimalarga e’tibor qaratish kerakligini keltirib o‘tadi.

Ishlatilgan shina olish mumkinmi

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, ishlatilgan shina sotib olish mumkin, ammo bunda juda ehtiyotkor bo‘lish zarur. Eng muhim narsa – arzon narx emas, balki avtomobil va yo‘lovchilar xavfsizligi.

Foto: OLX.uz

Shina yoshi

Shina sotib olayotganda uning ishlab chiqarilgan yiliga, albatta, e’tibor berish kerak.
Odatda 5 yildan eski shinalarni olish tavsiya etilmaydi. Vaqt o‘tishi bilan rezina qattiqlashadi va yorilish xavfi ortadi.

Agar sotuvchi shinaning qachon ishlab chiqarilganini ayta olmasa, rezinani diqqat bilan ko‘zdan kechirish kerak. Yuzasida yoriqlar yoki rangining oqarib ketishi shinaning eskirganidan darak beradi.

Protektor va eskirish darajasi

Foto: Freepik

Shinaning protektori yetarli chuqurlikka ega bo‘lishi kerak. Shuningdek, quyidagi nuqsonlar bo‘lsa, bunday shinani sotib olmaslik tavsiya etiladi:

  • katta darajada eskirgan protektor;
  • g‘udda yoki shishlar;
  • kordning ajralishi;
  • deformatsiya yoki notekis yeyilish.

Notekis eskirgan shinalar avtomobil boshqaruvini yomonlashtiradi.

Turli komplektdagi shinalar

Ba’zan sotuvda ikki xil modeldagi shinalardan iborat to‘plam ham uchraydi. Bunday variantni sotib olishdan oldin ehtiyot bo‘lish kerak. Eng yaxshi variant – bir xil model va bir xil ishlab chiqaruvchining to‘rtta shinasi.

Shuningdek, kelajakda almashtirish zarur bo‘lsa, bozorda ayni modeldagi yangi shinalar mavjudligini ham tekshirib ko‘rish foydali.

Qaysi shinalarni ishlatish mumkin emas

Foto: Freepik

Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra quyidagi shinalardan foydalanish taqiqlanadi:

  • kesilgan, yorilgan yoki kord ko‘rinib qolgan shinalar;
  • protektor yoki yon qismi ajralib ketgan shinalar;
  • avtomobil modeli uchun mos kelmaydigan o‘lchamdagi shinalar;
  • bir o‘qda turli o‘lcham yoki turdagi shinalar;
  • mixli va mixsiz shinalarning aralash qo‘llanishi.

Ishlatilgan shinalar, haqiqatan ham, budjetni tejashga yordam berishi mumkin, ammo noto‘g‘ri tanlov jiddiy xavf tug‘diradi. Shuning uchun bunday xaridni amalga oshirishdan oldin shinaning yoshi, holati va eskirish darajasini sinchiklab tekshirish muhim.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan avtomobilda ehtiyot qismlarni qachon almashtirish kerakligi haqida yozgandi.