Jahon banki O‘zbekistonda gaz sizib chiqishini kamaytirish uchun 10,6 million dollar ajratdi

eʼlon qilindi
2029-yilgacha ta’mirlash ishlari orqali qariyb 47,5 ming tonna gaz yo‘qotilishining oldini olish rejalashtirilgan
Boysundagi konda havoga zararli moddalar tarqalmasligi uchun gaz yoqildi — vazirlik
Foto: Unsplash

Jahon banki O‘zbekistonga gaz sizib chiqishini bartaraf etish mexanizmini yaratish uchun $10,6 mln miqdorida grant ajratdi. Bu haqda bankning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Grant mablag‘lari Jahon bankining Global Flaring and Methane Reduction (GFMR) dasturi hisobidan moliyalashtiriladigan O‘zbekistonda gaz sizib chiqishini bartaraf etish mexanizmini yaratish loyihasiga yo‘naltiriladi. Loyiha «O‘ztransgaz» AJ boshqaruvidagi gaz uzatish tarmoqlarida sizib chiqishlarni aniqlash va bartaraf etish jarayonlarini joriy etishga yordam beradi.

Loyiha doirasida 2029-yilgacha ta’mirlash ishlari orqali qariyb 47,5 ming tonna gaz yo‘qotilishining oldini olish rejalashtirilgan. Bu esa taxminan $18 million miqdorida mablag‘ni tejash imkonini beradi. Tejalgan mablag‘larning katta qismi uzoq muddatli chora-tadbirlarni amalga oshirishga, jumladan, gaz uzatish tizimida sizib chiqishni aniqlash va bartaraf etishga yo‘naltiriladi.

Loyiha, shuningdek, «O‘ztransgaz» AJga zamonaviy uskunalar sotib olish va xodimlarni o‘qitishga sarmoya kiritish orqali ish samaradorligini oshirishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, metan emissiyalarini xalqaro standartlar bo‘yicha o‘lchash va hisobot berish tizimi joriy etiladi.

Grant mablag‘lari «O‘ztransgaz» AJ gaz yo‘qotishlarini kamaytirish bo‘yicha uzoq muddatli chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun ishlatiladi va maxsus jamg‘arma orqali boshqariladi. Jamg‘arma tejalgan gazni sotishdan tushgan mablag‘lar hisobidan to‘ldiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil iyul oyida Qoraqalpog‘istondagi kondan gaz sizib chiqqandi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jahon banki Markaziy Osiyoda yagona elektr energiyasi bozorini yaratish uchun 1 mlrd dollar ajratishi haqida yozgandi.

Shuningdek