
Jizzax viloyatida mansabdor shaxsga nisbatan korrupsiya bilan bog‘liq jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Jizzax viloyati boshqarmasi Paxtakor tuman bo‘limi katta tezkor vakili shaxsiy manfaat yo‘lida 1989-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan tanishi bilan til biriktirgan. Ular texnika ta’minoti bilan shug‘ullanuvchi MChJ ish boshqaruvchisining ishonchiga kirib, Jizzax shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bilan 20 dona interaktiv doska yetkazib berish bo‘yicha elektron do‘kon orqali tuziladigan shartnomada g‘oliblikni ta’minlab berishni va’da qilgan.
Buning evaziga ular MChJ vakilidan 85 mln so‘m talab qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, departament xodimi xizmat mavqeidan foydalanib, asl narxi 15,2 mln so‘m bo‘lgan interaktiv doskalarni 25 mln so‘mdan o‘tkazib berishni rejalashtirgan.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda prokuratura organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda dastlab 1989-yilda tug‘ilgan fuqaro 85 mln so‘mni olayotgan vaqtida ushlandi. Tezkor tadbir davomida undan 30 mln so‘mni departament xodimi yana bir sherigi bo‘lmish maktab direktori bilan birga yashash xonadoni oldida olayotganida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Departament xodimi va maktab direktoriga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.f
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax va Qoraqalpog‘istonda hokimiyat vakillari pora bilan ushlangan edi.