Olmaliq kombinati mis ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi uchta eng yirik kompleksdan biriga aylanadi

eʼlon qilindi
Yangi loyihalar hisobiga kombinat daromadi yiliga qo‘shimcha 5 mlrd dollarga ko‘payadi
Foto: Fund Selector Asia

«Yoshlik-1» va «Qalmoqqir» konlari negizida 3-mis boyitish fabrikasi to‘liq ishga tushirilgach, ishlab chiqarish hajmi keskin oshadi. Loyihalar ishga tushganida Olmaliq kombinati mis ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi uchta eng yirik kompleksdan biriga aylanadi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Yoshlik-1» va «Qalmoqqir» konlarida 45 mln tonna mis hamda 5 ming tonnadan ziyod oltin zaxirasi mavjud bo‘lib, u sanoatni kamida 100 yil davomida kafolatli xomashyo bilan ta’minlaydi. 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushishi natijasida mis konsentrati ishlab chiqarish kuniga 2 ming 400 tonnadan 5 ming tonnaga yetadi hamda 6 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Fabrikada texnologik jarayonlar sun’iy intellekt yordamida boshqariladi, bu energiya sarfini 10 foizga va tannarxni 15 foizga kamaytirib, mehnat unumdorligini oshiradi. Buning ortidan barpo etilayotgan qiymati $2,5 mlrdlik yangi mis eritish zavodi qo‘shimcha 1000 dan ziyod ish o‘rnini yaratishi belgilangan.

Yangi quvvatlar to‘liq ishga tushgach, yillik mis katodi ishlab chiqarish 300 ming tonnaga, oltin 33 tonnaga, kumush esa 203 tonnaga yetkaziladi. Hozirda mavjud ko‘rsatkichlarni yana 1,5 karra oshirishga xizmat qiladigan 4-mis boyitish fabrikasi bo‘yicha loyihaoldi ishlari davom etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Olmaliqda qiymati 2,7 mlrd dollarlik 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushirilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek