
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 2,7 mlrd dollarlik 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
«Bu ishlarimizning barchasi bir maqsadga – iqtisodiyotimizni yanada rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, mahallalarga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish va albatta, xalqimizning turmush farovonligini yanada oshirishga qaratilgan», – dedi davlat rahbari o‘z nutqida.

So‘nggi yillarda tog‘-kon sanoati tubdan isloh qilinishi natijasida to‘qqiz yil ichida sohaga $10 mlrd xorijiy investitsiya kiritildi. Bugungi kunda tarmoqda 65 ta xususiy korxona faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yili oltin qazib olish hajmi 118,4 tonnaga yetkazilgan bo‘lsa, 2016-yildan buyon kumush ishlab chiqarish 1,6 barobar, uran 2,1 barobar hamda mis 1,4 barobarga o‘sgan.
Ishlab chiqarish hajmining ortishi bilan sohadagi daromad ko‘rsatkichlari ham oshib bormoqda. O‘tgan yili umumiy ishlab chiqarish 270 trln so‘mga yetgan. Mutaxassislarning ish haqi miqdori ham yuqori: ekskavator mashinistlari 30 mln so‘mgacha, burg‘ilash mutaxassislari 40 mln so‘mgacha, geolog va marksheyderlar esa 70 mln so‘mgacha maosh olmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan OKMK misni qayta ishlash hajmini 60 mln tonnagacha oshirishi haqida xabar bergan edi.